Sardor Rahimxon boshchiligida tashkil etilgan «Yurak amri» xayriya fondi o‘zining Instagram sahifasida vaqtinchalik faoliyatini to‘xtatganini ma’lum qildi.

«Biz katta xatolarning oldini olish, o‘zimizni isloh qilish, oldindagi katta rejalarga kuch va bilim to‘plash uchun, xalq va prezident oldida yuzimiz doim yorug‘ bo‘lishi uchun vaqtinchalik faoliyatimizni yakunlashga qaror qildik», — deyiladi xabarda.

Sardor Rahimxonning aytishicha, bunda minglab insonlarning omonatlari hamda exsonlari haqida gap ketganda fondning ham jismoniy, ham ruhiy imkoniyatlari yetishmasligini his qilgan. Mazkur qaror ortidan yana-da kuchga kirish, xatolarni isloh qilish, rasmiy faoliyatga tayyorgarlik ko‘rish maqsad qilingan.

U fondga xayriya qilish uchun atalgan omonatlarni boshqa ishlab turgan xayriya tashkilotlari, jumladan, «Mehrli qo‘llar», «Vaqf» fondlariga o‘tkazishni so‘radi.

Mazkur xayriya tashkiloti 2020 yilda O‘zbekistonda boshlangan pandemiya davrida kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat tarqatish uchun tashkil topgan edi. 2022 yilning aprel oyida fond «Jannatdagi qasrlar 25+» loyihasi orqali 30 ta xonadon qurib, muhtojlarga topshirdi.