«Chegarasiz reportyorlar» (RSF) xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan tuziladigan «Jahon matbuoti erkinligi» indeksining 2022 yilgi reytingida O‘zbekiston 24 pog‘onaga ko‘tarilib, 133-o‘rinni egalladi. O‘tgan yilgi reytingda mamlakat 157-o‘rindan joy olgan edi.

O‘zbekiston reytingda ko‘tarilgan bo‘lsa-da, mamlakatdagi umumiy matbuot erkinligini holatini ifodalovchi ball ko‘rsatkichlari o‘tgan yilgidan pastlagan. 2021 yilda O‘zbekiston reytingda 49,26 ball to‘plagan bo‘lsa, 2022 yil reytingida mamlakatga 45,74 ball berilgan. Natijada O‘zbekiston matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat «murakkab» bo‘lgan mamlakatlar qatorida qoldi.

«Chegarasiz reportyorlar» tashkiloti 2022 yildan boshlab reyting metodologiyasiga o‘zgartirish kiritgan. «Metodologiyadagi ushbu o‘zgarish sababli 2021 va 2022 yillardagi pozitsiyalar va ballar ko‘rsatkichlarini taqqoslashda ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak», — deyiladi tashkilot bayonotida. Endilikda reytingni tuzishda tashkilot beshta asosiy ko‘rsatkichlardan foydalanadi — siyosiy kontekst, iqtisodiy kontekst, qonunchilik bazasi, ijtimoiy-madaniy kontekst va xavfsizlik.

O‘zbekiston siyosiy kontekst bo‘yicha 129-o‘rinda bo‘lsa, iqtisodiy kontekst bo‘yicha 123, qonunchilik bazasi bo‘yicha 136, ijtimoiy-madaniy kontekst bo‘iycha 138 va xavfsizlik masalasida 129 pog‘onani qayd etgan. Nodavlat aktorlar (reklama beruvchilar va tijoriy hamkorlar) va OAV egalariga nisbatan davlat siyosatiga aloqador iqtisodiy cheklovlarni baholovchi iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston «juda og‘ir vaziyatli» mamlakatlar orasida.

O‘zbekiston reytingda Uganda (132-o‘rin) va Jazoir (134-o‘rin) o‘rtasida joylashgan. Qozog‘iston 122-o‘rinda, Tojikiston 152-zrinda, Turkmaniston esa 177-o‘rinda.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi davlat Qirg‘iziston bo‘lib, mamlakat reytingda 72-o‘rinni egallagan.

Dunyo mamlakatlarida matbuot erkinligi

RSF «Jahon matbuot erkinligi» indeksining 2022 yilgi reytingi dunyo mamlakatlarida polyarizatsiya (bo‘linish) chuqurlashganini, axborot xaosi kuchayganligini ko‘rsatdi: mamlakatlar ichida bo‘linishga olib keluvchi OAV polyarizatsiyasi va xalqaro miqyosda davlatlar o‘rtasidagi polyarizatsiya, deyiladi tashkilot bayonotida.

Norvegiya (1-o‘rin), Daniya (2-o‘rin) va Shvetsiya (3-o‘rin) mamlakatlari so‘z erkinligining demokratik modeli sifatida yetakchi davlatlar bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, OAV oligarxlar tomonidan nazorat qilinadigan Moldova (40-o‘rin) va Bolgariyadan (91-o‘rin) so‘z erkinligi va jurnalistlar ahvoli bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar kutish mumkinligi ta’kidlangan.

Tashkilot Rossiyaning (reyingda 155-o‘rin) 2022 yil fevrali oxirida Ukrainaga (106-o‘rin) bostirib kirishidan oldin propaganda urushi olib borilganligini ta’kidladi.

Shuningdek, tashkilot ekspertlari Rossiya urush haqidagi xabarlarni nafaqat o‘z chegarasida nazorat qilayotganligi, balki urush haqidagi o‘zining qarashini ayrim qo‘shnilariga o‘tkazishga harakat qilayotganligini aytgan. Kavkaz davlatlaridagi OAVlarning maqolalari yoqmagan ba’zi hollarda Rossiya regulyatori OAVni bloklaydi. Markaziy Osiyo hukumatlari esa OAVlar mojaroni «neytralroq» yoritishi uchun bosim o‘tkazmoqda. Turkmanistonda esa urush umuman yoritilmaydi, deyiladi hisobotda.

Demokratik davlatlarda OAV polyarizatsiyasi jamiyatdagi noroziliklarni kuchaytirmoqda va qo‘llab-quvvatlamoqda, misol uchun, AQShda (42-o‘rin). Ijtimoiy tarmoqlar va «fikrlar jurnalistikasi»ga amal qiladigan yangi OAVlar oqibatida ijtimoiy va siyosiy bosim kuchaymoqda, ayniqsa Fransiya (26-o‘rin) va Belgiyada (23-o‘rin).

12 ta mamlakatda matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat «juda og‘ir ahvolda», deb baholanmoqda. Bular orasida Belarus (153-o‘rin), Rossiya (155-o‘rin), Xitoy (175-o‘rin), Birma (176-o‘rin), Turkmaniston (177-o‘rin), Eron (178-o‘rin), Shimoliy Koreya (180-o‘rin) davlatlari bor.