DXX Tojikistondan kirib kelgan poyezdda giyohvandlik vositasini aniqladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyati Bekobod tumani «Bekobod-temir yo‘l» xalqaro o‘tkazish punktiga «Xo‘jand-Aris» yo‘nalishida Tojikistondan kirib kelgan yuk poyezdi hamda uning tarkibida bo‘lgan vagonlar belgilangan tartibda to‘xtatilgan. DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamda Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida xizmat itlari yordamida ko‘zdan kechirilgan.

Yuk poyezdini ko‘zdan kechirish jarayonida qurilish mollarini tashishga mo‘ljallangan vagonlarning birining juft g‘ildiraklarini ulab turuvchi tayanch asosining g‘ovagida qora rangli politelen paket borligi aniqlangan.

Paket xolislar va mutaxassislar ishtirokida ochib ko‘rilganda, uning ichidagi ikki o‘ramda 1 kg 949 gr «opiy» giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda kontrabanda qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.