Hududlardagi tibbiy yordam sifatini hamda onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning samaradorligini oshirish bo‘yicha «2022−2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi.

Qarorga ko‘ra, 2023 yilda Nukus shahrida «Bolalar tibbiyot klasteri» tashkil etiladi. Uning tarkibiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasi va Bolalar stomatologiya poliklinikasi kiritilib, yagona boshqaruv yo‘lga qo‘yiladi.

2022−2025 yillar davomida 227 ta tug‘uruq kompleksi va 46 ta tumanlararo perinatal markazlar to‘liq ta’mirlanib, jihozlanadi. Perinatal markazlarda 6 o‘rindan kam bo‘lmagan chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limlari ochiladi.

Shuningdek, 2022 yil 1 maydan poliklinikalarda bolalar bo‘limlari ish boshlaydi. Ularda pediatriya yo‘nalishi bo‘yicha barcha tor soha mutaxassislari, maktab o‘quvchilariga xizmat ko‘rsatish uchun shifokor-pediatrlar, bolalar shifokor-ginekologi, tegishli o‘rta tibbiyot xodimlari, vaksinatsiya xonasi xodimlari, «tibbiyot brigadalari»dagi pediatriya hamshiralari faoliyat yuritadi.

Poliklinikalar tomonidan bolalar hamda homilador va tug‘ish yoshidagi ayollarni yanada sifatli tibbiy xizmat bilan to‘liq qamrab olish uchun 1 iyuldan boshlab «tibbiyot brigadalari» tarkibiga qo‘shimcha 3600 ta, 2023 yil 1 yanvardan boshlab yana qo‘shimcha 4900 ta o‘rta tibbiyot xodimlari (pediatriya hamshirasi va doya) shtatlari ajratiladi.

Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida bolalar anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlari hamda kechayu kunduz shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatuvchi pediatriya postlari joriy etiladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bolalarda irsiy-genetik, shu jumladan, orfan kasalliklarga barvaqt tashxis qo‘yish bo‘yicha Referens laboratoriya va hududlarda uning 17 ta mintaqaviy laboratoriyalari tashkil etiladi.

Hududlardagi perinatal markazlari va bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida 2022−2023 yillarda jami 29 ta shoshilinch perinatal hamda shoshilinch pediatrik mobil navbatchi reanimatsion brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Uni joriy etishda qo‘shimcha navbatchilik postlari tashkil etiladi.

Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari va hududlardagi barcha tug‘uruq komplekslarida yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda eshitish nuqsonlarini erta aniqlashga qaratilgan audioskrining tadbirlari joriy etiladi.

Shuningdek, 2022 yil 1 maydan boshlab Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bemor bolalarga qarovchi shaxslar (ota-ona va boshqalar) uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yiladi.