Shuhrat Abdurahmonov topshirig‘iga asosan «Andijon polkasi» kuyi yaratilganining 100 yilligi hamda shu nomdagi xalq raqs ansambli tashkil etilganini 65 yilligi munosabati bilan viloyatda «Andijon polkasi» oyligi e’lon qilindi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu topshiriqlar aks etgan xabarnomani hokimlik ma’sul xodimi «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.

Xabarnomada yozilishicha, «Andijon polkasi» kuyi yaratilganligining 100 yilligi hamda «Andijon polkasi» xalq raqs ansambli tashkil etilganining 65 yilligini nishonlash maqsadida bugundan boshlab, o‘zini haqiqiy andijonlikman deb bilganlar butun jamoasi, hamkasblari bilan har kuni Andijon polkasi raqsiga tushishni odat tusiga kiritishlari bo‘yicha viloyatda «Andijon polkasi» oyligi e’lon qilindi.

«Bundan tashqari shahar bo‘ylab harakatlanayotgan barcha jamoat transportlarida, savdo do‘konlarida, bozorlarda, mehmonxonalarda, avto va temir yo‘l vokzallarida va boshqa odamlar gavjum bo‘lgan barcha hududlarda turli chellenjlar va fleshmoblar tashkil qilish orqali ommalashtirish zarurligi belgilandi», — deyiladi xabarnomada.

Foto: Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati


Foto: Andijon tumani hokimligi matbuot xizmati

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Jalaquduq tuman 1-IDUM xodimlarining ertalabki ritmik gimnastika mashg‘ulotlari videosi tarqalgan edi. Xalq ta’limi vazirligi ushbu holatga munosabat bildirar ekan, «sog‘lom turmush tarzi fasl va joy tanlamasligi»ni ta’kidlagan.