budjet ochiqligi, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan budjet mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni rasmiy veb-saytlarda joylashtirish borasida jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Hisob palatasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga. Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati va Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil qilindi.

Unda Hisob palatasining mas’ul xodimlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining budjet ochiqligini ta’minlaganlik holati to‘g‘risida keng jamoatchilikka axborot taqdim etildi. Qayd etilishicha, Hisob palatasi 133 ta vazirlik va idoralar tomonidan budjet jarayonining ochiqligini ta’minlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda ma’lumotlarni joylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga amal qilinishini 2021 yilning 3- va 4-choraklari yakuni bo‘yicha o‘rgandi.

Jumladan, tahlillar quyidagilarni ko‘rsatdi:

  • 3-chorak yakuni bo‘yicha ma’lumotlarni to‘liq joylashtirgan tashkilotlar soni 10 ta bo‘lgan bo‘lsa, 4-chorak yakuni bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 66 tagacha yetdi (o‘sish 7 baravar);
  • 3-chorak yakuni bo‘yicha ma’lumotlarni to‘liq joylashtirmagan tashkilotlar soni 32 ta bo‘lgan bo‘lsa, 4-chorak yakuni bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 13 tagacha (59 foiz) kamaydi.

Biroq Hisob palatasi tomonidan budjet jarayonining ochiqligini ta’minlash orqali jamoat nazoratini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, ayrim tashkilotlar xanuzgacha mazkur yo‘nalishga jiddiy e’tibor qaratmayapti, deyiladi hisobotda.

Xususan, 3-chorak yakuni bo‘yicha 91 ta, 4-chorak yakuni bo‘yicha 54 ta tashkilot ochiq ma’lumotlarni umuman joylashtirmagan. Masalan, barcha hududiy hokimiyat organlari, Bandlik va mehnat munosabatlari, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari va boshqa bir qator tashkilotlar.

2 ta tashkilotning mansabdor shaxslari budjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibiga rioya qilinmaganligi sababli ma’muriy javobgarlikka tortildi va 20−21 aprel kunlari sudning tegishli qarorlari chiqarildi. Bugungi kunda yana bir qator tashkilotlarning mansabdor shaxslarini ma’muriy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish uchun tegishli xujjatlar rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan.

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1757-moddasida budjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarning ma’muriy javobgarligi belgilangan.