Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilishni niyat qilgan fuqaro aniqlandi. DXX va tuman IIB birgalikda o‘tkazgan tezkor qidiruvda uni yo‘ldan qaytarib qolingani ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, 1998 yilda tug‘ilgan shaxs 2020—2021 yillar Rossiyada ishlab yurgan vaqtida ijtimoiy tarmoqlar orqali «Jihodchilar» diniy ekstremistik oqimi a’zolari ta’siriga tushib qolib, ularni qo‘llab-quvvatlagan.

U «Tik-Tok», «Likee», «Instagram» ijtimoiy tarmoqlarida shaxsiy profillar ochib, unga xalqaro terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan «Abu-Saloh», «Abdulloh Zufar», «Abdulloh Buxoriy», «Sodiq Samarqandiy» va boshqalarning «jihod», «hijrat» hamda «shahid"likka chorlovchi ma’ruzalarini joylashtirgan. Ular orqali targ‘ibot ishlarini olib borgan, deyiladi xabarda.

Shuningdek, 2021 yilning dekabr oyida Rossiyadan uyiga qaytib kelganidan so‘ng, hamqishloqlari orasida ham oqim g‘oyalarini faol targ‘ib qilgan.

Bundan tashqari, u Suriyadagi jangarilar bilan aloqa o‘rnatib, ularning yo‘l-yo‘riqlari hamda ko‘rsatmalari asosida Rossiya va Turkiya orqali ularning safiga borib qo‘shilishini rejalashtirgan.

«Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur shahsning tarqatib kelgan diniy mazmundagi materiallari aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tarqatish va saqlash taqiqlanadi», — deyiladi xabarda.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari ketmoqda.