Prezidentning 20 apreldagi farmoni bilan ayrim nodavlat tashkilotlar «Elektron hukumat» tizimi orqali shaxsga doir ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Unga ko‘ra, 1 sentabrdan boshlab quyidagi nodavlat tashkilotlarga «Elektron hukumat» tizimi orqali olinishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi:

  • tijorat banklari;
  • telekommunikatsiya tashkilotlari;
  • xususiy tibbiyot muassasalari;
  • nodavlat ta’lim tashkilotlari;
  • sug‘urta tashkilotlari.

Mazkur tashkilotlar shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish hamda uchinchi shaxslarga ma’lum qilmaslik bo‘yicha zarur tashkiliy va texnik choralarni ko‘rishi shart. Bunda, shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etish tegishli litsenziyaning talab va shartlaridan biri hisoblanadi.

Shuningdek, shaxsga doir ma’lumotlarning konfidensialligini va ishonchli himoya qilinishini ta’minlash maqsadida 1 avgustdan boshlab shaxsga doir ma’lumotlarni «Elektron hukumat» tizimidan foydalangan holda olishning quyidagi tartibi joriy etiladi:

  • davlat organlari tomonidan shaxsga doir ma’lumotlar «Elektron hukumat» tizimi orqali so‘rab olinganda shaxsga doir ma’lumotlar subyektining YAIDXPdagi shaxsiy kabineti yoki Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyadan o‘tgan mobil telefon raqamiga bu haqida xabarnoma yuboriladi (bundan davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan holatlar mustasno);
  • xo‘jalik birlashmalari, davlat tashkilotlari va muassasalari, «Elektron hukumat» tizimidan foydalanishga ruxsat berilgan nodavlat tashkilotlar tomonidan ishlarni bajarish va xizmatlarni ko‘rsatishda shaxsga doir ma’lumotlar uning subyekti roziligi bilan «Elektron hukumat» tizimi orqali taqdim etiladi. Bunda, ma’lumotlar tegishli tashkilotga shaxsga doir ma’lumotlar subyektining YAIDXPdagi shaxsiy kabineti yoki Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyadan o‘tgan mobil telefon raqamidan tasdiq olingandan so‘ng «Elektron hukumat» tizimi orqali taqdim etiladi.

Davlat personallashtirish markaziga Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning vakolat, funksiya va faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqqan holda, «Elektron hukumat» tizimi orqali shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanish doirasi va chegaralarini belgilash bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.