O‘zbekiston Milliy gvardiyasiga bir qator vakolatlar berilmoqda, deya ma’lum qildi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida.

Jumladan, Milliy gvardiya organlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning quyidagi moddalari bo‘yicha huqubuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga va jarima tariqasidagi ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga haqli ekanligi belgilanmoqda:

  • 187-moddasining birinchi qismi (Jamoat joylarida alkogol maxsulotini iste’mol qilish);
  • ️188-modda (Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish);
  • 188−2-modda (Voyaga yetmagan shaxsning ko‘ngil ochish (dam olish) joylarida tungi vaqtda bo‘lishiga yo‘l qo‘yish);
  • 192-modda (Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish) bo‘yicha.

Shuningdek, Milliy gvardiya organlarining mansabdor shaxslari MjTKning 61, 183, 184−2, 184−3, 185, 185−1 (bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklardan tashqari) 185−2, 185−3, 186-moddalarida, 187-moddaning ikkinchi qismida, 188−1, 188−3, 189, 189−1, 190, 191, 194−1, 195−1, 196 (Milliy gvardiyaga tegishli qismi bo‘yicha) va 210−1- moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huqubuzarliklarni aniqlagan taqdirda, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzadi va belgilangan tartibda sudga ko‘rib chiqish uchun yuborishi belgilanmoqda.

Loyiha deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 29 noyabrdagi farmonida Milliy gvardiyaga ichki ishlar organlari bilan bir qatorda jamoat tartibini muhofaza qilish sohasida sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatlarini ham berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirilgan edi.