MIB tomonidan 13 yoshli bolaga aliment to‘lamaganligi uchun taqiq qo‘yilgani aniqlandi. Bu haqda Facebook`dagi «Potrebitel.Uz» guruhida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, ona o‘z farzandi bilan shu yilning 1 fevral kuni Rossiyaga aeroport orqali chiqib ketayotganida to‘xtatib qolingan.

«Aniqlanishicha, mening voyaga yetmagan farzandimga „voyaga yetmagan bolalar uchun aliment to‘lamaganligi sababli O‘zbekistondan chiqib ketishga taqiq“ qo‘yilgan ekan. Mirobod tumani MIB ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yildan beri u 7,5 mln so‘m aliment to‘lashi kerak, lekin shunga qaramasdan ushbu masala yuzasidan 4 yil ichida bizni hech qayerga chaqirishmagan», — deb yozadi u.

Mazkur holatga Bosh prokuratura huzuridagi MIB matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2019 yil 18 fevraldagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor R.A. dan undiruvchi M.D. foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun ¼ qism miqdorida aliment undirish haqidagi ijro hujjati Mirobod tuman bo‘limiga kelib tushgan.

Ijro ishi bo‘yicha 2020 yil 9 aprel kuni davlat ijrochisi B.Alimardonov tomonidan ijro xarakatlari olib borilib, qarzdordan aliment pullari qisman undirilib kelingan.

2022 yil 28 yanvarga kelib, qarzdorni chiqish huquqlarini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Mazkur ijro hujjati yuzasidan olib borilgan ijro xarakatlari jarayonida texnik xatolik sababli undiruvchi M.D.ning voyaga yetmagan farzandi A.T. nisbatan 28 yanvar kuni taqiq qo‘yilgan.

So‘ngra, qo‘yilgan taqiq 2 fevral kuni bekor qilinib, ijro uchun tegishli idoralarga yuborilgan.

«Ushbu holatda davlat ijrochisining mas’uliyatsizligi sababli unga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, MIB fuqaro M.D. yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish masalasida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat etishi lozimligini eslatib o‘tdi.