Toshkentning Mirobod tumanidagi 158-maktab maktab psixologi A. G. o‘quvchi qizlariga nisbatan nomaqbul xatti-harakatlar sodir etganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Nemolchi.uz o‘quvchilarning ota-onalari murojaatiga asoslanib xabar qildi.

Ushbu maktabning 3-sinfida o‘qiydigan qizning onasi o‘z murojaatida farzandining telefonida psixolog yozgan sms-xabarga ko‘zi tushib qoladi. Qizini so‘roq qilganida, psixolog qizlarni 2−3 talab o‘z xonasiga chaqirib, avvaliga yaxshi muomalada bo‘ladi, testlar o‘tkazadi. Keyin esa tegajog‘lik qilishni boshlaydi.

«Keyingi safarlarda esa u qizlarning turli joylarini ushlab olar, silar va hatto intim joylarini silagan. Ota-onalarga hech narsa aytmaslikni ta’kidlagan. Qizim psixolog 3-sinfning ko‘plab qizlariga shunday hatti-harakatlar qilgani, lekin ular ota-onalarga aytishga qo‘rqishlarini aytdi. Ayrim ota-onalarning raqamlarini bilganim uchun ularga darhol qo‘ng‘iroq qildim. Bu rost ekani ayon bo‘ldi. Ayrim ota-onalar esa bundan hamon xabarsiz», — deydi ona.

Yana bir qiz esa onasiga psixolog xonasiga chaqirganida unga behayo tasvirlarni ko‘rsatganini bildiradi.

«Men 5-sinf o‘quvchisining onasiman. Qizimdan maktab psixologi dars payti bolalarni o‘z xonasiga olib chiqib, seksual xarakterdagi suratlarni ko‘rsatib, ularni yaxshilab tomosha qilib, nima ko‘rishayotganini aytishni so‘raganini bildim. Qizim u yerda yalang‘och ayol tasvirlanganini aytdi», — deya ma’lum qilgan u.

«Ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, maktab rahbariyati oshkoralikka yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘qituvchini o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shatishdi. Natijada maktab direktori voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha inspektorlarni chaqirib, ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, ularni Ichki ishlar vazirligi xodimlari sifatida ko‘rsatgan», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, ota-onalardan biri keyinchalik psixolog ruhiy kasalliklar shifoxonasiga ko‘rikdan o‘tkazish uchun joylashtirilgani haqida xabar qilinadi.

«Bizga qo‘ng‘iroq qilishlarini aytishdi. Oradan bir soat o‘tgach, ular bizga qo‘ng‘iroq qilib, psixolog bilan gaplashish uchun bolalarimiz bilan ichki ishlar bo‘limiga suhbatga taklif qilishdi. Psixolog tuman ichki ishlar bo‘limidan bo‘ladi, deb o‘ylagandik, lekin maktab psixologi Nozima taklif qilingan ekan. Men nima uchun ichki ishlardan maxsus psixolog yuborilmaganini so‘radim. Menga bizning bolalarimiz boshqa psixologdan qo‘rqib, hech narsa aytmasliklari mumkin, deb aytishdi», — deydi onalardan biri.

Ota-onalarning qayd etishicha, bolalar sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Ginekologik kursida qizlarni ikki katta yoshli erkak ko‘rikdan o‘tkazgan.

«Biz u yerda yanayam ko‘proq ruhiy jarohat oldik. Bolam tinmay yig‘ladi, psixolog xonasidagi voqealar yetmagandek, o‘tkazgan tekshiruvlari yotgan ustiga tepganday bo‘ldi. Iltimos, bizga yordam bering, maktab direktoridan ham, ichki ishlar bo‘limidan ham javob ololmadik. Hamma jim, u davolanyapti deyishadi, holos. Biz hatto tergovchimiz kimligini ham bilmaymiz», — deyiladi ota-onalar murojaatlaridan birida.

«Gazeta.uz» hodisa yuzasidan izoh so‘rab XTV matbuot xizmatiga murojaat qildi. Vazirlik matbuot kotibi psixologga nisbatan tergov olib borilayotganini ma’lum qildi.

«Ayni damda maktab psixologi huquq-tartibot organlari tomonidan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan va unga nisbatan tergov-surishtiruv harakatlari boshlab yuborilgan. Tergov natijalari yuzasidan XTV qo‘shimcha axborot beradi», — deyiladi keyinchalik e’lon qilingan bayonotda.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining Nemolchi.uz loyihasiga aniqlik kiritishicha, psixolog 2010−2013 yillarda tug‘ilgan qizlarga tegajog‘lik qilgan.

«Ayni paytda mazkur shaxs ushlanib, o‘z qilmishiga javob bera olish faktini o‘rganish maqsadida Toshkent shahar ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan», — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, hodisa yuzasidan Toshkent shahar IIBB ham bayonot berdi. Unda aytilishicha, 7 aprel kuni 158-sonli maktabda psixolog lavozimida ishlovchi A. G. (1963 y. T.) voyaga yetmagan qizlarga nisbatan uyatsiz, buzuq harakatlar sodir etgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 129-moddasi («O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi A.G. shahar klinik psixiotriya shifoxonasiga joylashtirilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.