Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yer maydonini 3 mln dollarga sotishga uringan shaxslar ushlandi. Bu 15 aprel kuni Bosh prokuratura va IIV tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlandi.

Sotish rejalashtirilgan 40 gektar yer maydoni aslida Bo‘stonliq tumani hokimining tegishli qarori bilan «M.B.B.» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 30 mln AQSh dollari miqdorida investitsion loyihani amalga oshirish sharti bilan maktabgacha ta’lim muassasasi va savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari qurilishi uchun ajratilgan bo‘lgan.

Biroq, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga MCHJ mansabdor shaxslari bugungi kunga qadar ushbu yer maydonida qurilish ishlarini amalga oshirmasdan «Elmurod» ismli shaxs orqali sotayotganligi haqida tezkor ma’lumot kelib tushgan.

Tadbir davomida 40 gektar yer maydoniga egalik huquqi bo‘lmagan to‘rt nafar tadbirkor hamda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi yordamchisi fuqaro D.A.ga 3 mln AQSh dollari evaziga sotishga kelishib olgan. Shundan 180 ming AQSh dollarini avans sifatida olgan vaqtlarida ushlanganlar, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan 168 (Firibgarlik) va 28, 211 (Pora berish) moddalari jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.