Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar majburiy davolash narkologiya shifoxonasi hodimlari yer ag‘darish ishlariga jalb qilingani haqida xabarlar tarqalgandi.

Mehnat vazirligi mazkur holatni Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasining Davlat mehnat inspeksiyasi o‘rganib chiqqanini ma’lum qildi.

Daryo nashri e’lon qilgan videoda shifoxona hududi 8 gektar maydonni tashkil qilishi va bog‘bon bo‘lmagani uchun tibbiyot xodimlari, asosan ayollarning o‘zi yerni ag‘darib, o‘tlardan tozalashga majbur bo‘layotgani aytilgandi.

Aniqlanishicha, shifoxona xo‘jalik ishlari mudiri xodimlardan muassasa hududida o‘z xizmat vazifalariga kirmaydigan ishlarni bajarishini talab qilgan.

Mazkur holat tufayli shifoxonaning xo‘jalik ishlari mudiri Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi 1-qismi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) bilan ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu turdagi huquqbuzarlik BHMning 50−100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.