Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 1 iyundan tadbirkorlar uchun soliq ma’murchiligi va tekshirishlar tizimi soddalashtirilishini e’lon qildi. Bu haqda u 15 apreldagi videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Mol-mulk solig‘ini hisoblash tizimi bozor tamoyillariga o‘tkazilganini inobatga olib, qo‘shimcha yuqori soliq stavkalarini qo‘llash tartibi bekor qilinadi.

Shuningdek, aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan tadbirkorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasi dastlabki o‘rganishsiz, avtomatik tarzda beriladi.

Joriy yilda tadbirkorlarning faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlar soni 1,7 barobarga oshib, 86 mingtani tashkil etdi. Bu tadbirkorlar tomonidan ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Shu sababli, tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuvlarni oldini olish uchun endi 22 ta turdagi tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi. Hozirgi kunda 159 turdagi tekshiruvdan 119 tasiga ruxsat olinadi.

Bundan tashqari, yuqori xavf darajasi mavjud bo‘lgan tadbirkorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini to‘xtatib qo‘yishdan oldin xabardor etish tartibi joriy etiladi.

«Oxirgi soliq ma’murchiligi bo‘yicha o‘zgarishlar tadbirkorlar o‘rtasida ko‘plab tushunmovchilik va savollarni keltirib chiqardi. Shuning uchun, topshirig‘imga ko‘ra, Moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasi huzurida yirik tadbirkorlar, olimlar va faol jamoatchilar ishtirokida Jamoatchilik kengashi tuzildi», — dedi prezident.

Moliya vazirligi va DSQga har hafta tadbirkorlar bilan uchrashish va ijtimoiy tarmoqlar orqali tushgan savollar va tizimli masalalarni muhokama qilish, ularning yechimi bo‘yicha takliflar kiritib borish topshirildi.

Bugungi kunda 200 dan ortiq sanitariya talablari mavjud bo‘lib, ularning 20 tasiga amal qilishning umuman imkoni yo‘q.

Shu munosabat bilan:

  • ovqatlanish korxonalari uchun sanitariya talablarini qayta ko‘rib chiqib, eskirgan talablarni bekor qilish;
  • yetkazib berish xizmatlari bilan shug‘ullanadigan korxonalarga sanitariya talablarini soddalashtirish vazifasi qo‘yildi.

Ruxsatnoma berish talablarini soddalashtirish ham tizimli ravishda davom ettirilishi ta’kidlandi.