2021 yil uchun Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining Ochiqlik indeksi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring yakuni bo‘yicha tuzilgan reyting e’lon qilindi. Mazkur ro‘yxat O‘zbekiston davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirish va monitoring bo‘yicha jamoatchilik kengashi tomonidan tuzib chiqilgan.

Ochiqlik indeksida birinchi bo‘lib O‘zbekistondagi barcha 24 ta vazirlik keltirilgan. Ushbu ro‘yxatning boshida Adliya (89,22 ball, «yuqori daraja»), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish (87,44, «yuqori») hamda Innovatsion rivojlanish (84,16, «o‘rta») vazirliklari joy oldi. Eng pastki uchta o‘rinda esa Transport vazirligi (64,19), Qurilish vazirligi (62,93) va Energetika vazirligi (60,87) «qoniqarli darajada»gi baho bilan joylashgan.


Respublika bo‘yicha 13 ta davlat qo‘mitalari va qo‘mitalar orasida Davlat soliq qo‘mitasi (89,49) va Davlat statistika qo‘mitasi (88,90) «yuqori darajada»gi baholar bilan, Davlat bojxona qo‘mitasi (84,61) esa «o‘rta daraja»dagi baho bilan e’tirof etilgan. Eng pastidan birinchi bo‘lib esa, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi (63,00), ikkinchi bo‘lib Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi (64,30) va uchinchi bo‘lib esa Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi (65,67) «qoniqarli» baho bilan ko‘rsatilgan.


O‘zbekistondagi 25 agentlikdan Yoshlar ishlari agentligi ishi «yuqori darajada» deb baholanib, birinchi (88,07), «O‘zarxiv» agentligi (77,74) va Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi (76,89) ishlari «o‘rta darajada» sifatida undan keyingi o‘rinlarda ko‘rsatilgan. Reytingda ochiqlik borasida ishi «past darajada» deb baholangan agentliklar sifatida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi (32,98), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi (31,40), shuningdek «O‘zchorvanasl» agentligi (11,36) ko‘rsatilgan.


Respublikadagi 9 ta markazlarning ochiqligi esa «o‘rta darajada»gi baho bilan boshlanib, birinchi uchlikda Davlat test markazi (83,32), Islom sivilizatsiyasi markazi (81,07) va Respublika Ma’naviyat va marifat markazi (78,16) joylashgan. Ochiqlik darajasi «past darajada» deb baholangan markazlarga Fanlar akademiyasi (52,48), Fanlar akademiyasi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi (34,86) va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi (31,09) kiritilgan.


O‘zbekistondagi 14 da mahalliy davlat hokimiyati organlaridan Samarqand viloyati hokimligi birinchi (83,83), Namangan viloyati hokimligi ikkinchi 79,32 va Xorazm viloyati hokimligi uchinchi (72,38) o‘rinni egallab reytingda «o‘rta daraja»dagi baho bilan baholangan. So‘nggi uchta o‘rinda esa «qoniqarli darajada»gi baho bilan Navoiy (58,65), Qashqadaryo (57,63) va Andijon viloyatlari hokimliklari (56,88) ko‘rsatilgan.