Hukumatning 12 apreldagi [178-son] qarori bilan «Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari va avtomototransportni ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarni majburiy almashtirish muddati quyidagicha uzaytirildi:

  • 2010 yilgacha bo‘lgan davrda berilganlari — 2023 yil 31 martgacha;
  • 2010−2012 yillarda berilganlari — 2023 yil 30 iyungacha;
  • 2013−2015 yillarda berilganlari — 2023 yil 30 sentabrgacha;
  • 2015 yildan keyin berilganlari — 2023 yil 31 dekabrgacha.

Yuqoridagi muddatlargacha almashtirilmagan guvohnomalar haqiqiy emas deb hisoblanadi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning noyabrida ham hukumat qarori bilan eski haydovchilik guvohnomalari va ro‘yxatga olish guvohnomalarini yangisiga almashtirish muddati uzaytirilgandi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish bo‘yicha qo‘llanma ham tayyorlagan edi.