2022−2023 yillarda davlat hamkorligida yirik loyihalarni amalga oshirish uchun xususiy kompaniyalarni jalb etish bo‘yicha bir qator tenderlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar ro‘yxati prezident Shavkat Mirziyoyevning 8 apreldagi qarori [PQ-101] bilan tasdiqlangan.

Farmonda transport sohasida qurilish bo‘yicha quyidagilar bo‘yicha tenderlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan:

  • Jahon banki ko‘magida «Toshkent — Andijon» pulli avtomobil yo‘li;
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) ko‘magida «Toshkent — Samarqand» pulli avtomobil yo‘li;
  • Taxtaqoracha dovonida yangi pulli tunnel qurish va boshqarish;
  • «Toshkent» xalqaro aeroportini va samaradorligi past bo‘lgan boshqa aeroportlarni, shuningdek, «Buxoro» va «Urganch» xalqaro aeroportlarini modernizatsiya qilish va DXSH negizida boshqaruvga o‘tkazish.

Energetika sohasidagi tenderlar:

  • Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida Buxoro, Xorazm va Namangan viloyatlarida umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyalarini qurish va boshqarish bo‘yicha tenderning ikkinchi bosqichi;
  • Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ko‘magida Qashqadaryoning G‘uzor tumanida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasini qurish va boshqarish bo‘yicha tenderning ikkinchi bosqichi;
  • YeTTB ko‘magida Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak va Beruniy tumanlarida quvvati 200 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish va boshqarish;
  • YeTTB ko‘magida Qoraqalpog‘istonda 700 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish va boshqarish;
  • OTB ko‘magida Farg‘ona viloyatida 100 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasini qurish va foydalanishga topshirish;
  • Toshkentda issiqlik va kogeneratsion stansiyalarini qurish;
  • gidroelektrostansiyalarni DXSH asosida tashkil qilish va boshqarish.

Shuningdek, OTB ko‘magida Toshkentda oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish va boshqarish, Buxoro viloyati issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, shuningdek, Namangan shahar kanalizatsiya tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish va boshqarish rejalashtirilgan.

Toshkent hokimligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlashga tadbirkorlik subyektlarini jalb qiladi.

Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy kompaniyalar davlat bilan hamkorlikda quyidagi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda:

  • Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida Farg‘ona, Xorazm, Toshkent va Samarqand viloyatlarida nurli terapiya markazlari;
  • Farg‘ona viloyatida ko‘p tarmoqli shifoxona;
  • Buxoro va Andijon viloyatlaridagi tibbiyot markazlari;
  • Toshkent, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda gemodializ xizmatini tashkil etishni jadallashtirish va boshqalar.

Xususiy kompaniyalar va davlat uchun ta’lim sohasidagi loyihalar:

  • XMK, YeTTB va OTB ko‘magida ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash;
  • OTB ko‘magida Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 16 ta umumta’lim maktabi;
  • universitet yotoqxonalari qurilishi va boshqalar.

Ro‘yxatga olingan ko‘plab hududlar uchun loyiha hujjatlari hali ishlab chiqilmagan, loyihalarni moliyalashtirishning kutilayotgan hajmlari ko‘rsatilmagan.