Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaroga yer ajratib berishga uringan Chust tumani hokimining yordamchisi va uning sheriklari ushlandi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur jinoyatni Chust tumani hokimining chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi F.A., «R.N.» fermer xo‘jaligi rahbari R.A. va boshqalar sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Ular xo‘jalikning «Kaklikqo‘rg‘on» MFY hududidagi 5,3 gektar yer maydonini 15 000 AQSh dollari evaziga fuqaro N.ga bog‘dorchilik tashkil etish uchun ajratib berishni va’da qilgani aytilmoqda.


«Oldindan 1500 AQSh dollari va 5,6 mln so‘mni fuqarolar I.I. va K.R. orqali olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan», — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.