O‘zbekiston xalq artisti Lutfulla Sa’dullayev 10 aprel kuni 81 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda uning qizi Muqaddas Sa’dullayeva Instagram-sahifasida ma’lum qildi.

Aktyor bir necha kun avval shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga og‘ir ahvolda joylashtirilgan, keyinroq esa komaga tushib qolgan edi.

Lutfulla Sa’dullayev 1940 yil 18 dekabr kuni tug‘ilgan. Toshkent teatr va rassomchilik san’at institutini tamomlagan (1965 yil). 1963−2007 yillarda Abdulla Qahhor nomidagi satira teatrlarida ijod qilgan. 2008 yildan buyon Yosh tomoshabinlar teatrida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Faoliyati davomida 200 ga yaqin spektakllarda rollar ijro etgan.

Aktyor, shuningdek, «Besh qismat», «Osmondagi bolalar», «Fotima va Zuhra», «Sunami» va boshqa badiiy filmlar, «Bahor qaytmaydi», «Taqdir», «Uch ildiz», «Otalar so‘zi», «Shaytanat» kabi videofilm va seriallarda ham 500 dan ortiq turli rollarni ijro etgan.