«Davrbank» tomonidan fuqarolarning bank kartalaridan mablag‘larni qonunga zid ravishda yechib olish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani aniqlandi, deya xabar qildi O‘zbekiston Markaziy banki (MB) matbuot xizmati.

MBning aniqlik kiritishicha, bunday holatda kafil yoki birgalikda qarz oluvchi hisoblanmagan fuqarolarning bank kartalari qonun hujjatlariga rioya qilinmagan holda ularning roziligisiz tijorat banki tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun biriktirib qo‘yilgan va mablag‘lar ularning ruxsatisiz yechib olingan.

«Bunday amaliyotni yo‘lga qo‘ygan «Davrbank"ka nisbatan belgilangan tartibda jarima sanksiyasi qo‘llanildi. Shuningdek, bankka fuqarolarning bank hisobvaraqlaridan (shu jumladan, bank kartalaridan) mablag‘larni qonunchilikka zid ravishda ularning roziligisiz hisobdan chiqarish amaliyotiga chek qo‘yish hamda fuqarolardan shu mazmunda shikoyatlar kelib tushganda, ushbu mablag‘larning qaytarib berilishini ta’minlash vazifalari yuklatildi», — deyiladi MB xabarida.

Shuningdek, bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tijorat banklarini kredit qarzdorliklarni uchinchi shaxslar hisobidan so‘ndirishda amaldagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishga chaqirgan.