Dushanba kuni Vazirlar Mahkamasining navbatdagi Rayosat majlisida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi, OAV va jamoatchilik bilan ishlash masalalari muhokama qilindi. Bu haqda hukumat matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonun va prezidentning 2019 yil 27 iyundagi «Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi [PQ-4366-son] qarori ijrosi o‘rganildi.

Natijada ayrim vazirliklar va idoralar tomonidan ushbu hujjatlar talablarini bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani aniqlandi.

Jumladan, qonunning 5-moddasiga ko‘ra davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan davlat dasturlari hamda boshqa dasturlar ijrosi, budjet mablag‘laridan foydalanish, o‘tkazilgan ochiq tanlovlar (tenderlar) va kimoshdi savdolari, ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar rasmiy veb-saytlarda e’lon qilib borilishi kerak.

Biroq, deyarli barcha viloyatlar hokimliklari (Jizzax viloyatidan tashqari) veb-saytida dolzarb bo‘lgan ochiq ma’lumotlar va jamoatchilikni alohida qiziqtiradigan mavzular 1 oydan 3 oygacha yangilanmagan.

Qonunning 13-moddasiga ko‘ra veb-saytlarda axborotni yangilab borish davriyligi haftasiga bir martadan kam bo‘lmasligi kerak. Biroq, o‘ndan ortiq davlat organi va tashkilotlari, jumladan, Xalq ta’limi vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo, Andijon, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ochiq ma’lumotlar 10 kundan 1 oygacha kechiktirib e’lon qilinmoqda.

Shuningdek, o‘rganilgan 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 35 tasida rasmiy veb-sayti ishlamayapti. Jumladan, Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahri, Andijon, Sirdaryo, Qashqadaryo, Xorazm, Surxondaryo, Samarqand, Namangan, Buxoro, Toshkent viloyatlarining ayrim shahar va tuman hokimligi saytlari ana shunday ahvolda.

Prezident qaroriga muvofiq, 280 dan ortiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida birinchi marta axborot xizmati tashkil etildi. 90 dan ortiq tashkilotda axborot xizmatlari tegishli maqom va shart-sharoitlari bilan qayta tashkil qilindi.

Biroq haligacha ayrim vazirliklar va idoralar davlat rahbarining qarori talablarini bajarmay kelmoqda. Misol uchun, 3 ta respublika tashkilotida axborot xizmati rahbari axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchi maqomiga ega emas. 10 ta vazirlik va idorada matbuot kotibi mehnatga haq to‘lash shartlariga ko‘ra tashkilot rahbari o‘rinbosariga tenglashtirilmagan.

Qayd etilishicha, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklarida matbuot kotibi lavozimi vakant. Hududlarda axborot xizmatlariga qo‘shimcha shtatlar ajratilmaganligi sababli o‘tkazilayotgan tadbirlar, yangiliklar tezkorlik bilan sifatli yoritilmayapti.

Majlisda Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyatiga tizimda ochiqlik siyosati qoniqarsizligi, Sirdaryo viloyati hokimligiga Guliston, Yangiyer shaharlari, Boyovut, Sayxunobod, Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlari hokimliklarida axborot xizmati faoliyati yaxshi tashkil etilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

«Mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati yuzasidan ishlarni yetarli tashkil etmagani, OAV va jamoatchilik bilan aloqalarni tizimli yo‘lga qo‘ymagani uchun Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev va Andijon shahri hokimi Baxromjon Haydarov ogohlantirildi», — deyiladi xabarda.

Yakunda barcha vazirliklar va idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklariga qonun va qaror ijrosiga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar dasturini tasdiqlab, amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.