Aleksandr Vuchich Serbiya prezidentligi saylovlarida g‘alaba qozonganini e’lon qildi, deya xabar bermoqda Euronews. Saylov kunining oxiriga kelib, u 60 foizdan ko‘proq ovoz olganini ma’lum qildi. Amaldagi davlat rahbari birinchi turda ikki marta saylovda g‘alaba qozonganini esladi.

«O‘ylaymanki, oldimizda hal qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar ko‘p, lekin Serbiya uchun eng muhimi mintaqada yaxshi munosabatlarga ega bo‘lish, YeI yo‘lida davom etish, lekin an’anaviy hamkorlar bilan aloqalarni buzmaslikdir», — dedi Vuchich.

Uning eng yaqin raqibi, sobiq armiya generali Zdravko Ponosh, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan 17% ovoz olgan. Serbiya prezidentligi uchun jami sakkiz nomzod kurash olib bordi, ularning barchasi saylovda sezilarli farq bilan yutqazdi. Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, «Birgalikda hamma narsani qila olamiz» koalitsiyasining bir qismi sifatida Vuchich partiyasi parlamentga ham katta farq bilan kirdi.

Vuchich ikkinchi prezidentlik muddati davomida Serbiya harbiy betaraflikni saqlab qoladi va harbiy ittifoqqa kirmaydi, deb va’da qilmoqda. Siyosatchi manfaatlar muvozanatini saqlashga intiladi. Serbiya Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llashdan o‘zini tiygan yagona Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod bo‘lib qolmoqda.

Yakshanba kuni, shuningdek, Vengriyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatning amaldagi hukumat rahbari Viktor Orban boshchiligidagi «Fides» va Xristian-demokratik xalq partiyasi koalitsiyasi g‘alaba qozondi. Shunday qilib, Viktor Orban to‘rtinchi muddatga bosh vazir sifatida faoliyatini davom ettiradigan bo‘ldi.


Viktor Orban. Foto: RIA Novosti.

Milliy saylov byurosining ma’lum qilishicha, hukmron blok konstitutsiyaviy ko‘pchilikni saqlab qoladi va avvalgi chaqiruvga qaraganda ikki ko‘proq mandat oladi — jami 199 o‘rindan 135 tasi.

Ushbu saylovlarda oltita muxolif partiya «Vengriya uchun birlashgan» deb nomlangan ittifoq tuzdi. Mo‘’tadil konservativ, Xodmiyezovassarxey meri Piter Marki-Zay unga rahbarlik qildi.

Saylovlar oldidan so‘nggi so‘rovlar muxolifat bloki 40−45 foizdan ko‘proq ovoz olishi mumkinligini bashorat qilgan edi. Rasmiy natijalar oddiyroq bo‘lib chiqdi — alyans 35 foiz ovoz oldi.

Marki-Zay mag‘lubiyatini tan oldi va saylov natijalaridan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi. U hukumatni saylov kampaniyasi uchun noteng sharoitlar yaratayotganlikda ayblaydi. Marki-Zayning so‘zlariga ko‘ra, Vengriya matbuotida Orbanning hukmronligi tufayli muxolifat mag‘lub bo‘lgan. Mustaqil kuzatuvchilar uyushmalari faollari ham bevosita saylovlar paytidagi ko‘plab qonunbuzarliklar haqida gapirmoqda.