Ilk marotaba «Zakovat» intellektual o‘yini 2001 yil mart oyida ekran yuzini ko‘rdi. 20 yil davomida aql va zakovat janglarini millionlab teletomoshabinlar ekran ortidan tomosha qilishdi. «Zakovat» klubi a’zosi Saodat Umarova ko‘pchilikning sevimli bilimdonlariga aylangan «Zakovat» yulduzlari bilan suhbatlar uyushtiradi.

«Zakovat» bilimdonlari haqidagi materialning navbatdagi qismida «Gazeta.uz» UzQuiz asoschisi va boshlovchisi, «Zakovat» klubi a’zosi Saidkamol Abdurazokov bilan suhbatni taqdim etadi. U klubga qanday kirib kelganligi, «Zakovat» boshlovchisi sifatidagi tajribasi, kitobning inson hayotidagi o‘rni va klub faoliyatidagi kulgili voqea haqida so‘zlab berdi.

— Nima deb o‘ylaysiz qiziquvchanlik, bilimdonlik insondagi tug‘ma fazilatmi yoki bolada bu sifatlar shakllanishi uchun o‘zgacha muhit zarurmi?

— Bilimdon deganda hozir ko‘pchilik intellektual o‘yin ishtirokchilarini tushunadi. Lekin men hayotdagi bilimdon inson va intellektual o‘yinlarda qatnashuvchi bilimdonni farqlab olishni istardim, chunki bu ikkita bilimdon mutlaqo ikki xil tushuncha.

Bilimdonlik — bu tug‘ma fazilat emas, deb o‘ylayman. Masalan, bola maktabda hech narsaga qiziqmasligi mumkin, yaxshi o‘qimasligi mumkin, lekin katta bo‘lganida biron sohaga ishtiyoqi oshib, shu sohada yaxshi natijaga erishadi. Bilimdonlikka inson umri davomida orttirilgan bilim orqali erishadi, biror bir sohada mutaxassis bo‘lish uchun o‘z oldiga maqsad qo‘yadi, keyinchalik o‘z kasbiga oid maxsus bilimlarga ega bo‘ladi, boshqalardan ko‘ra ko‘proq, yaxshiroq bilimga ega bo‘lishga harakat qiladi. Bu inson bilimdonligini o‘z kasbida namoyish etadi.

O‘yindagi bilimdonlik ham, albatta, shunga o‘xshash narsa, kimdir intellektual o‘yinlarga qiziqib ketsa, ikki-uch yilda o‘z bilimlarini tizimlashtirib kuchli bilimdonga aylanishi mumkin. To‘g‘ri ba’zilarga o‘yinda intuitsiya yordam beradi deyishadi, lekin aslida intuitsiya ham hayotiy tajriba va bilim yordamida rivojlanadi, ongostidagi bilimlarni solishtirish, qiyoslash orqali vujudga keladi.

— Bolaligingizda nimalarga qiziqqansiz? Maktab va o‘qishdan tashqari qanday sevimli mashg‘ulotlaringiz bo‘lgan? Balki qo‘shimcha to‘garaklar yoki sport mashg‘ulotlariga qatnashgandirsiz?

— Bolalaligimda, albatta, kitob o‘qishga qiziqardim, kitob o‘qishni erta o‘rganganman. 1980-yillarning birinchi yarmida televizorda ko‘radigan qiziq dasturlar deyarli yo‘q edi. Kitobdan tashqari, shaxmatga qiziqqanman, boshlang‘ich sinflarda shaxmat to‘garagiga borganman. Sportga qiziqardim, maktabda gandbol to‘garagi bo‘lardi, maktabdagi gandbol terma jamoasi a’zosi edim. Hozir gandbolga hech kim qiziqmaydi, ko‘proq futbolga qiziqishadi, o‘zim ham gandboldagi qiziqarli vaziyatlar aks etgan videolavhalarni YouTube orqali ko‘rib turaman.

— Hozir bolalarning o‘yinchoqlari juda ko‘p, tovushli o‘yinchoqlar, motorika rivojlantiruvchi, til o‘rgatuvchi, turli gadjetlar va hokazo. Nima deb o‘ylaysiz, bunday xilma-xillik bola rivojlanishi uchun zarur muhitni yaratishga yordam bera oladimi?

— Albatta, aytib o‘tilgan narsalar hammasi zarur muhitni yaratishga yordam bera oladi, lekin faqat o‘yinchoqlarni o‘zi yetarli emas deb hisoblayman. Yana 1980-yillarning boshiga qaytadigan bo‘lsak, u defitsit davrlari edi, o‘yinimiz asosan ko‘chada o‘tardi. O‘yinchoqlar ham qo‘l bola, taxtadan avtomat yasash mumkin edi, raskladushka qoldiqlaridan xokkey klyushkasi yasardik. Hozirgi imkoniyatlar yo‘q edi, albatta.

Lekin hozirgi zamon — bugungi davrmi u, yuz yildan keyingi davrmi — eng yaxshi zamon hisoblanadi. Bugun stoldan turmasdan til o‘rgansa bo‘ladi. Biz 1995 yilda institutda o‘qiganimizda, o‘qishimiz ingliz tilida bo‘lgan, adabiyotlar juda kam edi, kutubxonadan bir kunga kitob olib almashib-almashib o‘qirdik, yakshanba kunlari uchrashib kitob almashar edik kursdoshlar bilan. Hozir 10 yoshli bola ham o‘tirgan stolidan turmasdan yangi til o‘rganishi mumkin.

— «Zakovat» o‘yinlariga adashmasam savol muallifi sifatida kirib kelgansiz, «barrikada»ning bu tomoniga o‘tishga nima turtki bo‘lgan?

— Yo‘q, men savol muallifi sifatida kirib kelmaganman. Birinchi marta «Zakovat» o‘yinida rahmatli Farhod Akbarov jamoasida o‘ynaganman. Jamoada men, Farhod, Zebo Shomirova, Habibulla, Dilshod, Sobir, Rustam Saidaminovlar bor edi. O‘rtog‘im Hasan Mamasaidov «Biz bilan birga Rustam Saidaminov degan bola «Zakovat» o‘yinlarida ishtirok etadi, judayam aqlli yigit, sen ham qatnashib ko‘r», deb aytardi, lekin meni vaqtim bo‘lmasdi borishga rosti.


Saidkamol Abdurazakov shaxsiy arxividan.

Bir kuni Rustam bilan mahallamiz oldida uchrashganmiz, shu bahona o‘yinga taklif qilgan edi. O‘yinlarda uncha ko‘p qatnashmadim, chunki Angliyaga o‘qishga ketib qoldim. Angliyadayam baribir o‘yinni sog‘inganman, o‘zim qatnasha olmaganim sababli xat jo‘natib, aytganingizdek, «barrikada»ni bu tarafida bo‘lish qanaqa ekanligini his qilganman.

— Chexov xatlarida «Tibbiyot — mening turmush o‘rtog‘im, adabiyot esa ma’shuqam» deb yozib qoldirgan. Siz ham asosiy kasbingiz va «Zakovat» o‘yinlariga nisbatan shunday o‘xshatish o‘rinli deb o‘ylaysizmi? «Zakovat» mashg‘ulotlari hayotingizda qanday o‘rin tutadi?

— Men Chexovning holatida emasman, shuning uchun taqqoslashim qiyin (kulib). Lekin agar jiddiy aytadigan bo‘lsam, kasbim orqali men ro‘zg‘or yuritaman, o‘sha tashkilotdagi insonlarga ozmi-ko‘pmi yordamim tegadi. «Zakovat» o‘yinlari orqali esa juda ko‘p yaqin do‘st, kerak bo‘lsa, aka-uka deb ham ayta olaman, men uchun qadrli insonlar bilan tanishganman.

To‘g‘ri, ko‘pincha mashg‘ulotlar sabab ko‘rishib turamiz, lekin ba’zida o‘zimiz shunchaki ko‘rishib, fikr almashish uchun yig‘ilamiz, ba’zida sport o‘yinlariga qatnashamiz. Lekin mutaxassisligim «Zakovat»dan muhimroq deb o‘ylayman, chunki «Zakovat»dagi faoliyatimni vaqtincha to‘xtatib qo‘yishim mumkin, lekin asosiy kasbimni chetga surib qo‘yolmayman.

— Kitob mavzusida ham savolim bor. Siz adabiyot deb atalmish dengizga qanday sho‘ng‘igansiz? Eng birinchi va eng oxirgi siz o‘qib tugatgan badiiy asar nomini ham aytib o‘tsangiz. Bu kitoblar siz uchun qaysi savollarga javob bera oldi?

— Birinchi o‘qigan badiiy asarimni rosti eslolmas ekanman. O‘qishni uch yoshimda o‘rganganman, esimda uyda «Avtomobil ma’lumotnomasi» bor edi, adamlar shu kitobni o‘qishni o‘rgatganlar. Bog‘chada peshin vaqti uxlolmas edim, hozir ham shu odatim saqlanib qolgan, charchagan holatda bo‘lsam ham tushlik vaqti uxlolmayman. Bog‘chada ham peshin paytida kichkina ertak kitobchalarni o‘qib yotardim.

Oxirgi o‘qigan badiiy asarimga kelsak, o‘tgan yili «Eljernonga atalgan gullar» asarini rus tilida o‘qib chiqdim. Kitob davomida bir qiziq xulosaga kelish mumkin, inson qaysi davrda yashayotgan bo‘lsa, o‘sha vaqtdagi fikrlarini eng to‘g‘ri deb hisoblar ekan. Yana bir xulosam — yosh ortgani sari, ish, ro‘zg‘or, hayot o‘z domiga tortayotgan paytda, inson baribir ko‘proq his-tuyg‘uga emas, aqlga tayanadi, lekin shu vaqtda baribir inson his-tuyg‘ularga ozgina joy qoldirishi kerak ekan, kamida ozgina, agar insonni butun borlig‘i, vujudini aql egallab olsa ham inson qiynalib qolar ekan.

— Ba’zida «kitob o‘qishdan nima na’f bor?» degan savollarni ham eshitib turamiz. Masalan, ba’zilar asar oxirida keltirilgan xulosa uchun kitob o‘qishadi, kimlardir antiqa syujet, avantyurist qahramonlar, dialoglar, o‘tkir iboralardan zavqlanadi, yana kimdir til boyligini oshirish maqsadida kitob mutolaa qiladi va hokazo. Kitob aynan siz uchun qanday birlamchi vazifani bajaradi?

— Oxirgi yillarda kitob o‘qishga juda katta urg‘u berilmoqda. Bir narsaga aniqlik kiritish kerak, kitob — o‘zi nima? Kitob — bu bir jismoniy obyekt emas, kitobni ma’nosi, mazmuni muhim. Inson uni qog‘oz kitobdan oladimi, elektron kitobdan oladimi, telefon ekranida o‘qiydimi uni farqi yo‘q.

Hozir «haqiqiy qog‘oz kitob o‘qish boshqacha» deb fikr yuritish moda bo‘lgan, men umuman qo‘shilmayman bu fikrlarga. Butun boshli kutubxonadagi kitoblardan sizni telefoningizda ko‘proq manba bo‘lishi mumkin. Siz butun kutubxonani o‘zingiz bilan olib yurolmaysiz. Ba’zida maxsus ma’lumot qidirib topish ehtiyoji tug‘iladi, lekin oddiy kitobdan bu ma’lumotni qidirib topish ancha qiyin.

Bu bilan qog‘oz kitobni qadrsizlantirmoqchi emasman, lekin kitobni turlarga bo‘lishni uncha oqlamayman. Inson badiiy asarlarni ko‘proq yoshligida o‘qishi kerak, bu tasavvurni rivojlantirishga yordam beradi. Ma’lum bir mutaxassislikni o‘zlashtirgandan keyin esa, hamma o‘z faoliyatiga doir adabiyotlarni ko‘proq o‘qishi kerak deb o‘ylayman.

Agar inson 45 yoshda ham kasbiga oid kitob qolib ketib, eston xalq ertaklarini o‘qib yursa, u odam yoki nafaqaxo‘r bo‘lishi kerak, yoki bekorchi vaqti juda ko‘p bo‘lishi kerak. Bu shaxsiy fikrim. Juda ko‘pchilik kitoblar nomigagina chiqarilgan va qiymati makulaturadan baland emas.

Xulosa sifatida shuni ayta olamanki, kitobning birlamchi vazifasi — insonning o‘zini va atrofidagilarni hayotini yaxshilanishiga xizmat qilish. Qog‘ozda chop etilgan har qanday narsa ham foydali kitob bo‘la olmaydi.

— «Zakovat»ga qaytsak, agar klubning 6 ta eng kuchli bilimdonidan terma jamoa tuzish ma’suliyati sizga topshirilsa, qaysi bilimdonlarni jamoangizga qo‘shgan bo‘lardingiz?

— Bugungi kundagi terma jamoaga men quyidagi o‘yinchilarni qo‘shgan bo‘lardim.

Xushnud Xudoyberdiyev — jamoa motori sifatida xizmat qila oladi, ishtirokchilarni fikr bildirishga chaqirib turadi doim, jimjitlikni bartaraf etadi.

Sardor Ahmedov — keng qamrovdagi bilimga ega va bugungi kunda, menimcha, Sardorni intellektual o‘yinlarga bo‘lgan qiziqishi bir yuqori cho‘qqiga chiqqan, o‘yinlar ichida yonayotgan vaqti.

Saidakrom Rasulov — yaxshi bilimlarga ega, mantiqiy fikrlashi kuchli, vaqti kelganda jamoani sardor bir o‘zi boshqarishga qiynalgan vaqtida, yordam berib keta oladigan o‘yinchi deb o‘ylayman.

Aziz Abdullayev — shubhasiz eng kuchli bilimdonlardan deb bilaman, u qizishib tez gapirmasligi mumkin, ancha sokin yigit, lekin juda kuchli bilimga ega.

Ravshan Ismoilov — oxirgi vaqtda ko‘p savol tuzib kelyapti, savol ko‘p tuzgan odam savolni topishiyam oson bo‘ladi, Ravshanni bir yaxshi hislati — savollarni juda tez ishlay oladi, juda tez tushunadi, savolni tushunmagan odamga ham oson yetkazib berish qobiliyatiga ega.

— Pandemiya davrida «Zakovat» ko‘rsatuviga ma’lum vaqt boshlovchilik ham qildingiz. O‘z jamoadoshlaringiz o‘yinida boshlovchilik qilganingizda, ularga yon bosmasdan ko‘rsatuvni olib borish qiyin bo‘lmadimi? Boshlovchi «etig"ini kiyib ko‘rganingizdan keyin stol atrofida o‘yin osonlashdimi yoki aksincha?

— Ustozimiz Abdurasul Abdullayev tibbiy muolaja olganlari sababli, men boshlovchilik qilib turdim vaqtincha. Boshlovchi «etig"ini kiyib ko‘rdim deya olmayman, «etik»ni o‘lchab ko‘rdim xolos.

Albatta, ustozimiz o‘rinlarini to‘laqonli bosish juda qiyin. Lekin jamoaga yon berish fikri umuman xayolimga ham kelmadi, rosti o‘zimni ancha adolatli inson deb hisoblayman. Bu yerda juda ehtiyot bo‘lish kerak, ba’zida «o‘zimni jamoam o‘ynayapti, kel, shunga qattiqqo‘lroq bo‘lay, hech kim shubhalanmaydi shunda» deyishim ham mumkin edi, lekin unday qilganim yo‘q. Boshlovchilik qilganimdan keyin o‘z o‘yinimda hech narsa o‘zgarmadi deb o‘ylayman.

Saidkamol Abdurazakov shaxsiy arxividan.

— 1-aprel «Kulgi» kuni uchun «Zakovat» tarixida siz guvoh bo‘lgan qiziqarli voqeani aytib bering.

— Bilasiz shanba kuni reyting o‘yinlari o‘tkazilardi, bir oyda bir marta reyting o‘yinlarida Abdurasul Abdullayev savollari o‘ynalardi, qolgan o‘yinlarda zakovatchilar galma-galdan savol o‘qishardi. Bir marta Aziz Abdullayev savol o‘qiganida sodir bo‘lgan qiziq voqeani aytib bergandi.

Aziz zaldan chiqib ketayotganida bir odamdan eshitib qolgan ekan: «Ey, bugun yana boshlovchini o‘g‘li savol o‘qidi. Nimaga nuqul shu bola savol o‘qiydi, boshlovchini o‘g‘li bo‘lsa bo‘ldimi, o‘qiyverarkanda», deb aytgan ekan. Azizni familiyasi Abdullayev bo‘lgani uchun Abdurasul akani o‘g‘li deb o‘ylashgan ekan. Shunaqa qiziq voqealar ko‘p bo‘lib turadi mashg‘ulotlarda.

Blits

— Siz tug‘ilgan yilda qanday muhim tarixiy hodisa ro‘y bergan?

— Men tug‘ilgan yilimda Toshkent shahrida metro yurishni boshlagan.

— Siz tug‘ilgan joyga qisqacha ta’rif bering.

— Toshkentning Eski Shahar qismi atrofidagi mahallalardan birida tug‘ilganman, Toshkentning yuragi bo‘lgan joydagi mahallada katta bo‘lganman, eslasam hozir ham bir boshqacha his-tuyg‘ular ko‘ngildan o‘tadi.

— Siz o‘zingizni qaysi adabiy qahramonga o‘xshatasiz?

— Hech qanday adabiy qahramonga o‘xshatmayman, hammaga ham yoqavermayman. Salbiy qahramongayam o‘xshayman deb ayta olmayman, chunki salbiy qahramonlar ham odamlarni qaysidir jihati bilan jalb qiladi.

— Qaysi zamondoshingiz bilan suhbatlashishni xohlardingiz?

— Fikrimcha, har qanaqa zamondoshimizni ham eng talab qilingan fikrlari yoritib bo‘lingan, internetdan qidirib topib eshitsa bo‘ladi. Men berishni xohlagan savollarni ham ularga berib bo‘lishgan deb o‘ylayman.

— Qaysi bilimdon bilan bir jamoada o‘ynashni niyat qilgansiz, ammo hech qachon birga o‘ynash imkoni bo‘lmagan?

— Jobir Ahmedov bilan bir jamoada muntazam ravishda o‘ynamagan ekanmiz, Jobir Ahmedov bilan bir jamoada o‘ynash niyatim bor.

— «Zakovat» klubida o‘ynalgan sizga yoqqan eng yaxshi savol qaysi?

— Zafar Rahimov jamoasiga «Fazogirlar fazoga chiqqanda, nimaga fazo kemasi shiftiga gazetani qirqib osib qo‘yishadi?» degan savol berilgan, adashmasam, jamoa to‘g‘ri javobni topa olmagandi. To‘g‘ri javob esa — «gazeta qiyqimlari bir-biriga ishqalanib, daraxtlar shitirlashini eslatib turishi uchun». Shu savol juda yoqqan va yaxshi esimda qolgan. Savol muallifini eslolmadim.

— Sizdan keyingi intervyu Temur Mirzayev bilan bo‘lib o‘tadi, Temur akaga bitta savol berish imkoni bo‘lsa, qaysi savolni berardingiz?

— Temur vodiylik yigit, juda gapga usta, so‘z o‘yinlariga usta. O‘zbek adabiyoti buyuk darg‘alaridan biri Erkin Vohidovni yonida yurgan inson. «Temur, qachon qiziq voqealar yig‘ilgan bir kitob yozasiz?» deb so‘ramoqchiman. Ishonchim komil-ki, Temurda qiziq voqealar bitta emas bir nechta kitobga yetadi.

— Agar siz haqingizda kitob yozilsa, unga qaysi satrlar epigraf bo‘lishini xohlaysiz?

— Qur’onda Zalzala surasini oxirgi oyatlari bor «Kimki dunyoda zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo‘lsa, uni ko‘rar. Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo‘lsa, uni ham ko‘rar». Mana shu satrlar epigraf bo‘lishini xohlagan bo‘lardim demaymanu, shu satrlar tanlansa to‘g‘ri bo‘lardi deb o‘ylayman.