Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 mart kungi videoselektor yig‘ilishda O‘zbekiston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash va narx oshishining oldini olish borasida bir qator topshiriqlar berdi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

«Ko‘rsatilgan tezkor amaliy yordam sababli bozorlarda go‘sht, sut, kartoshka, tuxum, guruch narxlari barqarorligi saqlanmoqda. «Demak, harakat qilsak, albatta natija bo‘ladi», — dedi davlat rahbari.

Narx oshishining oldini olish

Bosh vazir boshchiligidagi Respublika shtabiga quyidagilar topshirildi:

  • zarur oziq-ovqat mahsulotlari importi uchun avval berilgan 500 mlrd so‘m imtiyozli resurslarning qaytarish muddati yil yakuniga qadar uzaytiriladi;
  • bir hafta muddatda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi barcha tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning yuzaga kelgan muammolarini kundalik hal etish tizimi joriy etiladi;
  • birja savdolarida oziq-ovqat va xom ashyoning to‘liq qo‘yilishi ustidan kunlik nazorat o‘rnatsin va sun’iy ravishda narx oshishining oldini olish bo‘yicha tezkor choralarni ko‘rib boradi;
  • uch kun muddatda shakar, un, yog‘, go‘sht, choy, bolalar ovqatlari, sut mahsulotlari kabi oziq-ovqat mahsulotlari importiga aksiz solig‘i va bojxona bojlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha asoslangan taklif kiritadi.


«Bironta hokim va tarmoq rahbarining ish o‘rinlarini kamaytirishga, bandlik rejalarini bajarmaslikka haqqi yo‘q. Agar qaysi hokim bu ishlarni qilmasa, unga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi», — deya ogohlantirdi Shavkat Mirziyoyev.

Tashqi xavf-xatarlarni yumshatish

Yig‘ilishda shuningdek, tashqi xavf-xatarlarni yumshatish maqsadida tadbirkorlarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari belgilab olindi.

Jumladan:

  • banklar tomonidan tadbirkorlarga xom ashyo sotib olish va aylanma mablag‘lar uchun qo‘shimcha 10 trln so‘m «revolver» kreditlar ajratiladi. Ushbu mablag‘lar birinchi galda eksportchilar, oziq-ovqat va iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchilarga ajratiladi;
  • davlat dasturlari doirasida meva-sabzavot yetishtirishga, oilaviy tadbirkorlik, ipoteka va ta’limga ajratiladigan kreditlar hajmi va imtiyozli stavkalari saqlab qolinadi.

«Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ajratiladigan mablag‘larni kamaytirmaymiz va yukini oshirmaymiz», — dedi prezident.

Jarima va imtiyozlar

Bundan tashqari, ayrim jarimalar vaqtincha qo‘llanilmasligi hamda imtiyozlar davri uzaytirilishi ta’kidlandi.

Jumladan:

  • soliq ma’murchiligi doirasida ombordagi tovarlarning hisobi va kodlarini majburiy yuritish, mulklar hamda ijara shartnomalarini elektron ro‘yxatdan o‘tkazish kabi yangi mexanizmlar bo‘yicha jarima va boshqa ta’sir choralari yil yakuniga qadar qo‘llanilmaydi;
  • o‘z ehtiyojlari uchun olib kelingan xom ashyo, asbob-uskuna, ehtiyot qismlarga bojxona imtiyozlarini qo‘llash davri hozirgi 6 oydan 1 yilgacha uzaytiriladi;
  • yil yakuniga qadar Rossiya, Ukraina va Belarus bilan ishlayotgan korxonalarga debitor qarzdorligi uchun jarima qo‘llanilmaydi;
  • ushbu mamlakatlar bilan ishlayotgan eksportchilarning bank kreditlari bo‘yicha qarzdorligi uzaytiriladi, penya va jarimalar undirilmaydi.

Investorlarni qo‘llab-quvvatlash

Bundan tashqari, davlat rahbari o‘tgan hafta Toshkent investitsiya forumida ko‘p milliard dollarlik shartnomalar va kelishuvlariga erishilganini qayd etdi.

Ta’kidlanishicha, ko‘plab xorijiy tadbirkorlar O‘zbekistonda o‘z biznesini boshlash yoki rivojlantirish bo‘yicha tashabbus qilgan.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga:

  • bir oy muddatda Yevropa, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Koreya, Yaponiya kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazib, ularning ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash, bu ishlarga xorijdagi elchilarimizni ham faol jalb etish;
  • erkin iqtisodiy zonalarda ulgurji savdo kompaniyalari faoliyati uchun imkoniyat yaratish va ularga imtiyozlar berish;
  • 1 iyulga qadar Navoiy, Samarqand, Toshkent viloyati va 1 sentabrga qadar Buxoro va Surxondaryoda qo‘shni mamlakatlar bozoriga mahsulot yetkazib beruvchi ulgurji savdo hududini tashkil etish topshirildi.

Bank sektori

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov.

Shuningdek, hudud va tarmoqlar rahbarlariga 2022 yil 1 apreldan boshlab davlat dasturlaridan tashqari budjetdan ssuda berish va banklarga depozit qo‘yishni to‘xtatishga topshiriq berildi.

Yig‘ilishda har bir tarmoq va hudud rahbari bugundanoq aniq hisob-kitob qilib, uch kun muddatda o‘z rejalarini ishlab chiqishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Soliq va Bojxona qo‘mitalariga tushumlarni ta’minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, o‘tgan haftada 1,5 mingdan ziyod davlat mulkini savdoga chiqarish bo‘yicha imzolangan Prezident qarori ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalar belgilab berildi.

Masalan, 2022 yil 1 mayga qadar 50 mingta (4,5 ming gektar) yer uchastkalarini savdoga chiqarish nazarda tutilgan. Biroq, Samarqandda hozirgi kungacha bor-yo‘g‘i 6 ta yer uchastkasi elektron savdolarga qo‘yilgan. Qolgan hududlarda esa bironta yer uchastkasi savdoga chiqarilmagan.

Ikki hafta muddatda ushbu yerlarni to‘liq auksionga chiqarib, 1 iyulga qadar ularning kamida 50 foizi sotilishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

«Yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Xalqaro moliya bozoridagi hozirgi nobarqaror vaziyatda chetdan mablag‘ jalb qilish nihoyatda qiyin bo‘ladi. Bunday sharoitda o‘zimizda bor resurslardan samarali va to‘liq foydalanish shart», — dedi prezident.

Hozirgi kunga qadar qiymati 9 milliard dollar bo‘lgan 105 ta loyiha doirasida jalb etilgan mablag‘lar ishlatilmasdan turgani yoki cho‘zilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Bir oy muddatda har bir loyihani o‘rganib, ularni jadallashtirish topshirildi. Bunda, samarasiz va istiqbolsiz loyihalarni tugatish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.