28 mart kuni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston vakillari bo‘lgan 150 dan ortiq qizlar uchta ultrazamonaviy nano sun’iy yo‘ldoshni stratosferaga uchirdilar. Bu haqda YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Ular UniSat (Uni — UNICEF (BMT Bolalar Jamg‘armasi YUNICYeFdan qisqartma, Sat — satellite (sat — sun’iy yo‘ldosh)) ta’lim dasturi ishtirokchilaridir.

Foto: YUNICYeF

Nano sun’iy yo‘ldoshlar vazni 10 kg dan oshmaydigan kichik kosmik kemalar sinfiga mansub bo‘lib, bir nechta kameralar bilan jihozlangan. Mazkur kameralarning har biri 4K tiniqlikda Yerning elliptik tasvirini olish imkoniyatiga ega. UniSat nano sun’iy yo‘ldoshlari uchirilish vaqtida Yer va koinotning yuqori aniqlikdagi suratlarini olish imkonini beradi. Datchiklar radiatsiya, bosim, gravitatsiya, yorug‘lik va gaz tarkibi haqidagi ma’lumotlarni to‘playdi va katta hajmdagi ma’lumotlar, video va tasvirlarni tahlil qilish uchun Yerga yuboradi.


YUNISEFning Qozog‘istondagi vakolatxonasi rahbari Artur van Dizenning ta’kidlashicha, ushbu parvoz ramziy ma’noga ega. U Markaziy Osiyo qizlari va ayollarining cheksiz salohiyatini, ularning fan va texnika chegaralarini kengaytirishdagi imkoniyatlarini namoyish etadi.

«Bu yil dasturimizga uch mamlakatdan jami 2000 ishtirokchini qamrab olishga muvaffaq bo‘lganimizdan va ularni fan, texnika, muhandislik va matematika yo‘nalishlarida o‘z ta’lim va kasbiy faoliyatlarini davom ettirishga ilhomlantira olganimizdan bag‘oyat mamnunmiz. Biz UniSat dasturi natijalari jamiyatda kosmik o‘zgarishlarga erishishiga ishonamiz», — dedi u.

Nano sun’iy yo‘ldoshlar qizlar tomonidan Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universitetida 10 kunlik marafon doirasida yaratilgan. UniSat ishtirokchilari kosmik kemalarni rejalashtirish, loyihalash, dasturlash va yig‘ishni o‘zlashtirdilar. Ular kosmik texnologiyalar va Yerni masofadan turib zondlash markaziga tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Qizlarning olgan nazariy bilimlari darhol amaliyotga tatbiq etildi. Ustozlari rahbarligida ular 3D modellashtirish yordamida nano sun’iy yo‘ldoshlar korpuslarini loyihalashtirdilar va ularni 3D printerda yaratdilar. Shuningdek, ular UniSat nano sun’iy yo‘ldoshlarining quyi tizimlarini dasturlab, uchirishdan oldin ularni laboratoriyada sinovdan o‘tkazdilar.

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzadening qayd etishicha, «dunyoning boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham turli sabablarga ko‘ra o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida kompyuter savodxonligi, texnik ta’lim va kasbiy faoliyat bo‘yicha sezilarli farq saqlanib qolmoqda. UniSat ta’lim dasturi ana shu tafovutni kamaytirishga, qizlar tegishli fan va texnologiya ko‘nikmalarini egallashlariga qaratilgan».

UniSat — BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) va Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universitetining ta’lim dasturi. UniSat dasturining maqsadi qizlarning nano sun’iy yo‘ldosh qurish bo‘yicha bilim va malakalarini rivojlantirish, shuningdek, jamoada ishlash, notiqlik, vaqtni boshqarish va ijodkorlik kabi ko‘nikmalarini takomillashtirishdan iborat. UniSat dasturi BAAda joylashgan Dubai Cares fuqarolik jamiyati tashkiloti, Clé de Peau Beauté brendi va filantrop Nazanin Alakia xonim ko‘magida amalga oshirilmoqda.