Sirdaryo viloyatinig Sayxunobod tumani hududida DXX, viloyat IIB JQB va viloyat Bojxona boshqarmasi xodimlari ishtirokida katta miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib ketayotgan avtomobilni to‘xtatildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, 18 mart kuni davlat raqam belgisi yechib qo‘yilgan Lacetti avtomashinasi YPX xodimlari yordamida to‘xtatilish choralari ko‘rilgan vaqtida, ushbu avtomashina haydovchisi YPX xodimining qonuniy buyrug‘iga bo‘ysunmagan. U yo‘l chetida to‘xtab turgan YPX xodimlariga biriktirilgan Lacetti rusumli xizmat avtomashinasiga shikast yetkazgan holda YPX maskani yonida joylashgan pastlikka tushib to‘xtagan.

Avtomashinada bo‘lgan shaxslar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlangan va mashina saloni ko‘zdan kechirilganda, ko‘p miqdordagi tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi hamda giyohvandlik moddasi bo‘lgan dori vositalari borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olingan. Dorilarning miqdori qancha ekani aytilmagan.

Hozirda holat yuzasidan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi. Tergov davom etmoqda.