Samarqand viloyati Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasining Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi bosh mutaxassisi pora olganlikda gumonlanmoqda. Bu DXX va Samarqand viloyat IIB hamda viloyat Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlandi, deb xabar berdi viloyat IIB.

Ta’kidlanishicha, bo‘lim bosh mutaxassisi J. R. (1992 y. t.) fuqaroga Kattaqo‘rg‘on shahrida qurilayotgan yangi 12 qavatli uylardan 3 xonali xonadonni davlat tomonidan ajratiladigan subsidiya hisobida sotib olishi uchun uni bazaviy ro‘yxatga qo‘shishi va subsidiya ajratib berishiga ishontirgan. Buning evaziga 1200 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida qo‘lga olingani aytilmoqda.

«Shuningdek, «J. R»ga nisbatan o‘tkazilgan shaxsiy tintuv vaqtida uning yonidan taxminan 5−10 gr. miqdordagi «marixuanna» giyohvandlik vositasi, 300 AQSh dollari pul mablag‘lari xamda giyohvandlik vositasini iste’mol qilish uchun mo‘ljallangan moslama topilgan», — deyiladi xabarda.

Ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.