O‘zbekistonda shifokorlarni litsenziyalash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident 18 mart kuni tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Ilg‘or xorijiy tajriba asosida, klinikalarni emas, shifokorlarni litsenziyalash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishimiz kerak. Bu tizim yo‘lga qo‘yilsa, tibbiyot xodimlarini malaka oshirishga majburiy yuborish talab etilmaydi. Balki, ular o‘z ustida doimiy ishlab, tajribasini oshirishdan o‘zlari bevosita manfaatdor bo‘ladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Cohadagi islohotlarni rejali va izchil davom ettirish maqsadida Jahon banki ekspertlari bilan birga 1 oktabrga qadar ochiq muloqotda qayd etilgan 7 ta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga olgan, Sog‘liqni saqlash strategiyasi ishlab chiqiladi.

Shu bilan birga, butun respublikada amal qiladigan yagona klinik protokollar, ko‘rsatmalar va standartlar ishlab chiqiladi.

Tibbiyot sohasida yagona tibbiy ma’lumotlar bazasi, «elektron sog‘liqni saqlash» axborot tizimi yaratiladi.

Ta’kidlanishicha, tibbiy-iqtisodiy, statistik va analitik tahlillarni o‘tkazish imkonini beradigan Milliy tizim joriy etiladi.