Juma kuni prezident Shavkat Mirziyoyev shifokorlar bilan ochiq muloqoti davomida tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq chora-tadbirlarga to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, bu borada, eng avvalo, sog‘liqni saqlash xodimlarini moddiy rag‘batlantirish yanada kuchaytiriladi.

Ushbu masala yuzasidan, tibbiyot sohasi vakillari tomonidan 3 mingdan ortiq murojaat kelib tushgani aytildi.

«Lekin aslida ular 500 mingdan ziyod barcha tibbiyot xodimlarining taklif va istaklarini ifoda etadi, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Bu yil ham budjet tashkilotlari qatorida, tibbiyot xodimlarining oylik ish haqini ham, kamida 10 foizga oshirishni reja qilganmiz», — deya prezident so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Bunga qo‘shimcha ravishda, soha vakillarining mashaqqatli mehnatini yanada rag‘batlantirish maqsadida, joriy yil 1 iyundan:

  • tibbiyot xodimlarining oylik maoshi malaka toifasiga qarab, yana 15 foizgacha oshiriladi.
  • yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga esa yana 25 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.

Bundan tashqari, Tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasiga yiliga 1,5 trillion so‘m ajratiladi.

Ushbu mablag‘lar hisobidan:

  • alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar ham belgilanadi;
  • yangi ish boshlagan fidoiy yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.

«Sodda qilib tushuntiradigan bo‘lsam, misol uchun, hozirgi kunda oliy toifali shifokor 4 million so‘m maosh olsa, endi ish haqining oshishi va yangi ustamalar hisobiga, 8−9 million so‘mgacha maosh olishi mumkin bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qo‘shimcha qilinishicha, hamshiralar hozirgi 1,5 million so‘m o‘rniga, toifasi va erishgan natijalariga qarab, 3−4 million so‘mgacha oylik olishi mumkin.