Prezident ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari har chorakda mukofotlanishini ma’lum qildi. U bunga 18 mart kuni shifokorlar bilan uchrashuvda to‘xtalib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «yil yakunida esa, har bir viloyatda eng yaxshi natija ko‘rsatgan poliklinikaga mukofot va sovg‘alar beriladi».

Bu tajriba joriy yilda Olmazor tumanidagi 11 ta, hamda Uychi tumanidagi 12 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarda boshlanadi. Ushbu tajriba yakuni bo‘yicha, bu yangi tizimni 2023 yildan boshlab barcha hududlarda joriy qilish yuzasidan tegishli qaror qabul qilinadi.

«O‘z mahallasida sog‘lom turmush tarzini tunu kun targ‘ib qilgan, bu borada shaxsiy namuna bo‘lgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun alohida „Xalq salomatligi posboni“ ko‘krak nishoni ta’sis etiladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari shifokorlarning eng muhim va olijanob vazifasi — bu albatta kasallikni davolash, shu tariqa insonlarning dardiga malham bo‘lish ekanligini ta’kidladi.

«Shu bilan birga, men sizlardan sog‘lom turmush tarzi orqali, kasallikning oldini olishga ko‘proq e’tibor berishingizni so‘rayman. Chunki, jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanadigan odam, hech qanday davoga muhtoj bo‘lmaydi», — dedi u.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, inson salomatligi 19 foiz tashqi muhitga, 20 foiz — genetik omillarga, 9 foiz — sog‘liqni saqlashni tashkil etish va 52 foiz turmush tarziga bog‘liq.

«Salomatligimiz asosan o‘z qo‘limizda ekan, jamiyatda sog‘lom turmush madaniyatini yanada oshirishimiz zarur. Ushbu masala bo‘yicha alohida dasturni boshlaganimizdan xabardorsiz. Afsuski, to‘g‘ri ovqatlanmaslik va harakatsizlik oqibatida, bugungi kunda aholimizning 75 foizida ortiqcha vazn borligi, 30 foizida esa xolesterin va qon bosimi yuqori ekani, barchamizni o‘ylantirishi kerak», — dedi prezident.

Shuning uchun, joriy yildan boshlab, 17 mingdan ziyod tibbiy brigada, 2 mingdan ortiq oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarning ish samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimi joriy qilinadi. «Reyting degani shuki, endi tibbiyot xodimlari o‘z hududida aholi sog‘lig‘ini saqlash va kasalliklarning oldini olish bo‘yicha o‘ziga majburiyat oladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunda, ortiqcha vaznga yo‘l qo‘ymaslik, to‘g‘ri ovqatlanishga amal qilish, jismoniy faollikni oshirish, zararli odatlardan voz kechish va ular natijasida infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish ko‘rsatkichlari, asosiy mezon sifatida belgilanadi.