Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tadbirkor «Vardonze qo‘rg‘oni» arxeologiya yodgorligining muhofaza hududini og‘ir texnika yordamida surib, ekin ekkani ma’lum bo‘ldi.

obyektga zarar yetkazilayotgani haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga murojaat kelib tushgan va shu asosda Milliy arxeologiya markazi, Madaniy meros agentligi va boshqa mutasaddi idoralar o‘rganib chiqqan.

Aniqlanishicha, tuman hokimligining 2013 yildagi qaroriga asosan obyektning yer maydoni va muhofaza hududi 124 gektarni tashkil qilgan. Ammo, 2015 yilda hokimlik qonunchilikka zid ravishda, tegishli idoralarning xulosalarisiz obyekt hududini 76 gektar etib belgilagan.

Shuningdek, qisqartirilgan yer maydoni «To‘ymurod Xolmurod o‘g‘li» fermer xo‘jaligiga yaylov sifatida foydalanish uchun berilgan, biroq amalda fermer uni ekin maydoniga aylantirib yuborgan.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.

Xo‘jalik rahbari A.Q. obyektning muhofaza hududini og‘ir texnika yordamida surib, yer qazigan, ekin ekib melioratsiya qilgan. Ariq qazib, fermer xo‘jaligi yer maydonini arxeologiya obyekti muhofaza maydoni hisobidan kengaytirgan.

«Biroq, bunda tegishli idoralarning xulosalarini olmagan. Natijada Rabod qismi madaniy qatlami yo‘qolgan va hududdagi saksovul daraxtlarining nobud bo‘lgan. Shuningdek, yer qa’rida saqlanib kelayotgan qadimgi tarixiy topilmalar yo‘qotilgan. Natijada 1800 kvadrat metr yerga shikast yetkazilgan, buning oqibatida davlat manfaatlariga 26 mlrd 730 mln so‘mlik zarar yetgan», — deyiladi xabarda.

Agentlik tomonidan to‘plangan hujjatlar asosida ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat Kodeksining 132-moddasi 2-qismi (moddiy madaniy meros obyektlariga shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu moddada BHMning 300−500 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.

Jinoyat ishi dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun Buxoro viloyat prokuraturasiga yuborildi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot o‘rnida, IV-XV acplarga oid ushbu obyekt davlat muhofazasida bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktabrdagi «Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 846-son qarori bilan tasdiqlangan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy Ro‘yxatida 603-raqam bilan moddiy madaniy meros obyekti sifatida ro‘yxatga olingan.

O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 28 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PQ-4038-son qarorining 11-bandiga ko‘ra, obyektni Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha 2021 yil 4 oktabrda YUNESKOga taklif kiritilgan.