Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonda kechki payt yo‘lda ikki nafar YPX xodimiga qupol munosabatda bo‘lib, kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgan yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’sulining videosi tarqaldi.

Unda rahbarning xodimlar bilan «Sen nima ish qilding…, 6 tasini yozdingmi…, remen qani…, nimaga „marshrutka“ yo‘q… nechtasini ushlab berding» kabi savol-javoblar qilgani va ularning javobidan so‘ng ularni ketma-ket urib-so‘kkaniga guvoh bo‘lish mumkin.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu mas’ul Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi kapitan B.Xojanov ekanligi ma’lum bo‘lgan. Kapitan videoda xodimlarining bodi- kamerasi ishlashiga gumon bildirgan. Ammo ushbu vaziyatning barchasi xodimning bodi-kamerasiga tushib qolgan.

Vaziyat bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, videotasvirdagi holat 2021 yilning 14 fevral kuni sodir bo‘lgan.

«Mazkur holat yuzasidan vazirlikning yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi kapitan B.Xojanovga nisbatan tegishli tartibda xizmat tekshiruvi tayinlangan. Vazirlikning tegishli sohaviy xizmatlari tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakuni bo‘yicha, kapitan B.Xojanovga nisbatan qo‘l ostidagi xodimlarga qupol munosabatda bo‘lganligi hamda xizmatda kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun „lavozim maoshining 30% miqdorida ushlab qolish“ qattiq intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan», — deyiladi ma’lumotda.