Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan ayrim shaxslarga xorijga chiqish pasporti berganlik uchun davlat boji undirilmaydi, deya xabar berdi Adliya vazirligi. Bu prezident tomonidan 14 mart kuni imzolangan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda o‘z aksini topgan.

Shuningdek, hujjat bilan biometrik pasport o‘rniga ID-kartalari joriy etilayotganligi sababli ayrim Kodekslar va qonunlarga ID-karta tushunchasi kiritildi. Bundan tashqari, ID-kartalarni, xorijga chiqish biometrik pasportini yo‘qotganlik, ularni yaroqsiz holga keltirganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Oila kodeksida bolalarning tug‘ilishini qayd etish ota-onasining doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyidan qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida 1 oy ichida amalga oshirilishi belgilandi.

Shu bilan birga, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarga nikoh qayd etilganligi to‘g‘risida belgi qo‘yilishiga oid norma chiqarib tashlandi.

Yer davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda fuqarolarga uning o‘rniga berilayotgan uy-joy avvalgi uy-joyidan qimmatroq bo‘lsa, farq qilgan qiymat fuqarolar tomonidan qaytarib berilmaydi. Ilgari 5 yilda qaytarilishi lozim edi.

Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan shaxsga, shuningdek unga hamrohlik qiluvchi shaxsga xorijiy davlatda ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatilganda yoki jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganda xorijga chiqish uchun biometrik pasportini berganlik uchun davlat boji undirilmaydi.

ID-karta berganlik uchun BHMning 89 foizi miqdorida boj undiriladi [o‘zgarishsiz qoldirilgan — tahr.], xorijga chiqish uchun biometrik pasportni berganlik uchun esa BHMning 1 baravari miqdorida boj undiriladi (ilgari BHMning 1,2 baravari edi).

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 1 sentabrdan boshlab BHM miqdori 270 ming so‘mni tashkil etadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ijtimoiy himoya bo‘yicha milliy strategiya ishlab chiqilgan. Uning doirasida ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasi yaratilib, barcha «daftarlar» ijtimoiy himoya yagona reyestriga birlashtirilishi nazarda tutilgan edi.