Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilayotgan huquqiy hujjat loyihalarida mast holda avtomobil haydaganlik uchun 5 yil transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish taklif qilinmoqda. Bu haqda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida IIV Jamoat xavfsizligi departamenti YHXX boshlig‘i Olimjon Saidov ma’lum qildi.

Dastlabki bosqichda 8 ta normativ huquqiy hujjat, jumladan, ikkita qonun, bitta prezident qarori hamda to‘rtta Vazirlar Mahkamasi qarori loyihalari tayyorlanmoqda. Birinchisi, bu — «Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ta’minlash va o‘limlar holatini keskin kamaytirish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi

«Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks bo‘yicha transport vositasini haydash huquqidan mahrum qilish mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun 5 yil muddatga uzaytirilib belgilanmoqda», — dedi Olimjon Saidov.

Shuningdek, mazkur qilmish uchun jarima miqdori BHMning 50 baravarigacha (13 mln 500 ming so‘m) etib belgilanmoqda (amalda — BHMning 40 baravarigacha).

«Mast holda bo‘la turib tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlash uchun haydovchilik huquqidan mahrum qilish muddati qat’iy 3 yil etib belgilanmoqda. Amalda bir yarim yildan 3 yilgacha etib belgilangan», — deya qo‘shimcha qildi YXHH rahbari.

Ta’kidlash joizki, amaldagi tartibsha ko‘ra, transport vositalarini mast holda boshqarish transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil-u olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum qilinishiga sabab bo‘ladi.