2022 yilning yanvar-fevral oylarida mamlakat bo‘yicha tez tibbiy yordam xizmatiga jami 2 mln 42 mingdan ortiq chaqiriq kelib tushdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Taqqoslash uchun, 2021 yilda ushbu ko‘rsatkich 1 mln 764 mingdan ortiqni tashkil etgan.

Qayd etilishicha, eng ko‘p murojaat Farg‘ona (236 393 ta), Andijon (216 359 ta), Toshkent shahri (213 315 ta) hamda Toshkent viloyatida (206 134 ta) kuzatilgan. Eng kam chaqiriq esa Jizzax (79 449 ta), Sirdaryo (70 522 ta) hamda Navoiy viloyati (62 639 ta) hissasiga to‘g‘ri keldi.

2022 yilning ilk ikki oyi davomida eng ko‘p kunlik chaqiriqlar soni 16 yanvarga to‘g‘ri kelib, shu kuni Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga bo‘lgan jami murojaatlar soni 46 ming 613 tani tashkil etdi. Eng kam kunlik chaqiriq esa 2022 yil 17 fevralda qayd etilib, mazkur sanada «103» xizmati jami 28 ming 960 ta chaqiriqni qabul qildi.

SSVning ma’lum qilishicha, tez tibbiy yordam xizmatidagi reanimobil mashinalar soni bugungi kunga kelib, 442 taga yetdi. Bu, o‘z navbatida, tizimning operativligi, natijadorligi hamda tibbiy xizmat sifatining yanada yaxshilanishiga xizmat qilayotgani aytildi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyining dastlabki 10 kunida respublikada «Tez yordam»ga qariyb 350 mingta murojaat kelib tushgan.