«Qamchiq» dovonida qor ko‘chkisi xavfi tufayli Dovon yo‘li avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopilgandi. Shu munosabat bilan Angren shahridagi «Angrenlend» oshxonasida maxsus shtab ish faoliyatini boshladi, deb xabar bermoqda FVV matbuot xizmati.

«Ayni vaqtda yo‘lda qolib ketgan avtotransport haydovchilari va yo‘lovchilarni Toshkent viloyatining Ohangaron va Angren shaharlari hamda Namangan viloyatining Pop tumanidagi mavjud umumovqatlanish shohobchalariga joylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ular uchun zaruriy sharoitlar yaratilgan», — deyiladi xabarda.

Foto: FVV matbuot xizmati.

Qor qatlami yig‘iladigan joylar holati mustahkam emasligi, ko‘chki xavfi mavjudligi aytilmoqda.

Avvalroq, Gidrometeorologik ilmiy tahlillar Telegram-kanalida 'Qamchiq'' dovoni ikki tunnel orasidagi avtomobil yo‘lining ostki tuproq qismini o‘pirilib ketgani haqida ma’lum qilingan. Ta’kidlanishicha, bunga bir kecha-kunduzda juda ham ko‘p yog‘gan yog‘ingarchilik oqibatida hosil bo‘lgan suv oqimi sabab bo‘lgan.

Uning yozishicha, dovonda bir sutka davomida umumiy 75 mm yog‘ingarchilik kuzatilgan. Solishtirish uchun bu miqdor Qoraqalpog‘istonning ko‘plab stansiyalarida bir yil davomida yog‘adi.


FVVning qo‘shimcha qilishicha, «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining «Qamchiq» dovoni qismidagi avtomobil yo‘lining xavfli hududlari «Qamchiq» Maxsus, qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi, «Qamchiq» qor ko‘chkisini kuzatish stansiyasi, geologik xavfli jarayonlarni kuzatish «Farg‘ona» stansiyasi, «Qamchiqavtoyo‘l» xodimlari bilan hamkorlikda o‘rganib chiqildi.

Buning natijasida soat 7:30 larda A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining 229,8 km hududida, avtomobil yo‘lidan 80−100 metr uzoqlikda tog‘ yonbag‘irliklaridan 300 ming metr kub xajmda qor ko‘chkisi sodir bo‘lib, qor massalari «Qamchiqsoy» soyi o‘zaniga tushgan.

Shuningdek, «Toshkent-Vodiy» avtomobil yo‘lining 6 ta joyida tosh-tuproq massasi o‘pirilishi sodir bo‘lib, yo‘l chetdagi handaqqa (kyuvetga) tushgan. Bundan tashqari nomustahkam tosh massalari avtomobil yo‘lining 251,7 km hamda 260 km oraliqlaridagi avtomobil yo‘liga tushishi mumkin bo‘lgan xududlar aniqlandi.

Hozirda xavfli xududlarda tosh massalarini majburiy tushirish bo‘yicha «Qamchiq» Maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi, «Qamchiqavtoyo‘l» hamda Yo‘l-harakati xavfsizligi xodimlari bilan hamkorlikda tadbirlar amalga oshirilmoqda, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, dovon yo‘lida sodir bo‘lgan geologik va gidrometeorologik xodisalar natijasida jabrlangan va jaroxat olganlar yo‘q.