11 mart va dam olish kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha beqaror ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet.

Respublika hududining katta qismida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Faqat Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida biroz yomg‘irlar faqat ayrim hududlarda yog‘adi.

Respublikaning tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik yomg‘ir va qor ko‘rinishida, ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 17−22 m/s gacha kuchayadi, momaqaldiroq paytida shamol tezligi 25−28 m/s ga yetishi mumkin.

Havo harorati +17…+20 daraja iliqdan +13…+16 daraja iliqgacha asta-sekin tushadi.

Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel kelishi, tog‘larda qor ko‘chishi xavfi bor.

Respublika hududi bo‘yicha va keyingi haftaning birinchi yarmida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi bilan kuzatiladigan beqaror ob-havo saqlanib turadi.

Bunday ob-havo atmosferada juda faol janubiy frontal zonalar mavjudligi hisobiga, respublika hududiga doimiy ravishda nam bulutli massivlar kirib kelishi bilan bog‘liq.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yilning mart oyida ham O‘zbekistonda tez-tez yomg‘ir yog‘ishi bilan ob-havoning xuddi shunday holati kuzatilgan. Masalan, Toshkentda yomg‘irli kunlar soni 21 kunni tashkil etgan, deya qo‘shimcha qilgan sinoptiklar.