9 mart kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus OAV uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida COVID-19 va Ukraina yuzasidan nutq so‘zladi.

U ikki yil avval, 2020 yilning 11 mart kuni JSST tomonidan dunyoda koronavirus pandemiyasi boshlangani rasman e’lon qilingani va oradan ikki yil o‘tib virusdan 6 milliondan ortiq odam vafot etganini ta’kidladi.

«Dunyo bo‘ylab kasallik va o‘lim holatlari soni kamayib borayotgan va bir nechta mamlakatlar cheklovlarni olib tashlagan bo‘lsa-da, pandemiya tugashiga hali ancha bor — va u hamma joyda tugamaguncha hech qayerda yakunlanmaydi. Osiyo va Tinch okeani hududidagi mamlakatlar kasallanish va o‘lim holatlarining keskin ortishiga duch kelmoqda», — dedi Tedros Gebreyesus.

Uning ta’kidlashicha, «virus rivojlanishda davom etmoqda va hali ham zarur joylarga vaksinalar, testlar va davolanish usullarini keng tarqatishda jiddiy to‘siqlarga duch kelinmoqda».

«JSST ayrim mamlakatlar test tekshiruvlarini keskin kamaytirayotganidan xavotirda. Bu bizga virusning qayerda joylashganligi, qanday tarqalayotgani va qay tarzda rivojlanayotganini kuzatishimizga to‘sqinlik qiladi. Sinov keng qamrovli strategiyaning bir qismi sifatida pandemiyaga qarshi kurashda muhim vosita bo‘lib qolmoqda», — deyiladi bayonotda.

JSST bugungi kunda COVID-19 bo‘yicha odamlar o‘z-o‘zidan test tahlilini olishga oid yangi yo‘riqnomani e’lon qilgan.

«Bugungi kunga qadar JSST professional foydalanish uchun 5 ta tezkor antigen testlarni favqulodda foydalanish ro‘yxatiga kiritdi va biz o‘z-o‘zini test qilishni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha ma’lumotlarni yig‘moqdamiz», — dedi JSST rahbari.

JSSTning favqulodda vaziyatlar bo‘lishi texnik guruhi rahbari Mariya van Kerkxove Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda rasman Yevropada «deltakron» paydo bo‘lganini tasdiqladi, deb yozmoqda RIA Novosti. «U Fransiya, Niderlandiya va Daniyada aniqlandi. Biroq, (bu shtamm bilan kasallanish — tahr.) juda past darajada qayd etildi», — dedi u.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, pandemiya boshlangandan buyon dunyoda qariyb 452 million kishi COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan. Shuningdek, infeksiyaning oldini olish maqsadida jami 11 milliard dozaga yaqin vaksina qo‘llanilgan.

Ma’lumot uchun, 2022 yil 9 mart holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi rasman qayd etilganlar soni 237 059 nafarni tashkil etadi. Kasallikdan vafot etganlar soni esa 1636 nafarga yetgan. 10 mart holatiga O‘zbekistonda jami 46 651 764 doza vaksinadan foydalanilgan.