O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 9 mart kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi qabul qilindi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisda bank plastik kartochkalari va bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larining o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilish holatlari ortgani qayd etildi. Xususan, 2020 yilda shu mazmunda ichki ishlar organlariga 965 ta, 2021 yilda 1601 ta murojaat kelib tushgan.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda bank plastik kartochkalaridan pul mablag‘larini o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilish holatlari Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan malakalanadi.

«E’tiborli jihati, ko‘p hollarda fuqarolarning bank plastik kartochkalaridan oz miqdorda talon-toroj qilinayotgani sababli ushbu qilmish Jinoyat kodeksi 169-moddasining 1-qismi bilan ayb e’lon qilinadi. Bu o‘z navbatida, aybdor shaxslarga nisbatan yetarlicha jazo choralarining qo‘llanilmayotganiga, ularning axloqan tuzalish yo‘liga o‘tmayotganiga, takroran jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga olib kelmoqda», — deyiladi xabarda.

Shu jihatdan, bu kabi qilmishlar uchun Jinoyat kodeksining 168 va 169-moddalarini og‘irlashtiruvchi holat sifatida javobgarlikni belgilovchi norma bilan to‘ldirish taklif qilingan.

«Qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida jismoniy va yuridik shaxslarning elektron pul mablag‘larini yashirin ravishda talon-toroj qilish, fuqarolarning ishonchiga kirib uning hisob raqami yoki plastik kartasidagi pul mablag‘larini o‘g‘irlash holatlarining oldini olishga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.