«Toshkent» aeroportining mahalliy aviayo‘nalishlar terminalida ikkinchi A321nyeo NX havo kemasi tantanali kutib olindi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Havo kemasi Uzbekistan Airways ekipaj a’zolari — Maksim Shulepin va Nagay Yevgeniy boshqaruvida olib kelindi.

«Mazkur samolyot Yevroosiyo qit’asi bo‘ylab deyarli to‘la yuk bilan parvozlarni amalga oshirishi mumkin. Masalan, O‘zbekiston poytaxtidan ancha uzoq bo‘lgan Toshkent — London, Toshkent — Seul, Toshkent — Kuala Lumpur kabi yo‘nalishlarda qatnovni amalga oshiradi», — deyiladi ma’lumotda.

Ta’kidlanishicha, samolyotning maksimal uchish vazni 97 tonnani tashkil etadi. Shuningdek, u 23 ming kg tijorat yuklarini tashiy oladi. Havo kemasi 188 yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan bo‘lib, shundan 16 tasi biznes-klass, 172 tasi esa ekonom klass o‘rindig‘i hisoblanadi.

Qayd etilishicha, Uzbekistan Airways parki hozirda 26 ta yo‘lovchi havo kemasiga, jumladan, 12 ta Airbus laynerlari (A320 — 9, A320neo — 3, A321LR — 2) ega. Aviakompaniya yangi yo‘nalishlarni ochish, Yevropa va Osiyo mamlakatlariga avvalgi mashhur bo‘lgan yo‘nalishlarni qayta tiklashni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 14 fevral kuni Uzbekistan Airways uzoq masofaga mo‘ljallangan ilk A321LR havo kemasiga ega bo‘ldi. O‘sha paytda yil oxirigacha yana to‘rtta samolyot yetkazib berilishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.