7 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida tarmoq va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2022 yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish borasida hukumat chora-tadbirlari muhokama qilindi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda hozirda global bozorlardagi narxlarning keskin tebranishini hisobga olib, mutasaddi idoralar va hududlar rahbarlariga ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash, eng avvalo, aholini yetarli miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish lozimligi ta’kidlandi.

Hududlar rahbarlariga oziq-ovqat bozoriga mahsulotlarni uzluksiz yetkazish, buning uchun zarur zaxiralarni shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Ma’lum bo‘lishicha, yanvar-fevral oylarida 687 mln dollar xorijiy investitsiya, shu jumladan, 615 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya o‘zlashtirilgan. Yil boshidan 506 ta loyiha doirasida umumiy qiymati 337 million dollar bo‘lgan quvvatlar ishga tushirilib, 7 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan.

O‘tgan ikki oyda tovar va xizmatlar eksporti hajmi 1,7 mlrd dollardan ortib, 2021 yilning shu davriga nisbatan 20 foiz oshgan. Xususan, O‘zbekiston korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallari eksporti qariyb 2 baravar, elektrotexnika mahsulotlari eksporti 1,5 baravar, to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 1,3 baravar o‘sgan.

Yig‘ilishda tarmoq va hududlar rahbarlariga investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish, tovarlarni eksportga yetkazishda logistika masalalarini tezkor hal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Davlat rahbari ichki iste’mol bozorida narxlar barqarorligini ta’minlash masalalalariga alohida to‘xtaldi.

2022 yilning ikki oyida inflyatsiya darajasi 1,38 foizni tashkil etgani, bu 2021 yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan (1,7 foiz) pastligi aytildi.

Prezident tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish va ularda ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun aholiga qo‘shimcha 80 ming gektar yer maydonlari ajratish borasidagi ishlarga tanqidiy baho berdi.

Shuningdek, meva-sabzavotchilik uchun ajratilgan 2 trillion so‘m davlat mablag‘larining natijadorligini oshirish, ularni o‘zlashtirishni tezlashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.