Ayni vaqtda alqaro kongress markazida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.

Bloger Aziza Qurbonovaning yozishicha, davlat rahbari kelgusi o‘quv yilidan boshlab xotin-qizlar ta’limiga alohida e’tibor qaratilishini ma’lum qildi.

Jumladan, magistraturada o‘qiyotgan barcha qizlarning kontrakt pullarini to‘liq budjetdan qoplab berish uchun har yili 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun, har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzurida «Olima ayollar jamiyati» tuziladi va unga har yili 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Joriy va kelgusi yilda shu kabi maqsadlarga 1,8 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

«Iloji boricha, ayollarimizning dardini, tashvishlarini sevinch yoshiga, g‘alaba yoshiga, muvaffaqiyat yoshiga, natija yoshiga aylantirishga hammamiz birgalikda harakat qilamiz. Bitta qiz farzandni o‘qitsangiz — butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz deb ota-bobolarimiz bejiz aytishmagan», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Ilm-fan bilan shug‘ullanish, ilmiy yangilik yaratish — bu igna bilan quduq qazishga barobar. Men o‘zim shu sohadan chiqqanim uchun bu ishning naqadar qiyin va murakkab ekanini yaxshi bilaman. Shuning uchun ham oila tashvishlari va farzand tarbiyasini ilmiy tadqiqot bilan birga olib borayotgan, bu borada amaliy yutuq va natijalarga erishayotgan olima ayollarni shaxsan men chinakam matonat va jasorat sohibalari deb bilaman va yuksak qadrlayman», — dedi prezident.