O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasiga Ukraina hududidan Rossiyaga xalqaro avtomobil nazorat punktlari (XANP) orqali chiqib keta olmayotgan yuk tashuvchi o‘zbekistonliklar murojaat qilmoqda. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.

Murojaatlar asosida ro‘yxatlar tuzilib, Rossiya TIVga Ukraina-Rossiya davlatlararo chegarasida XANP orqali transport vositalarining o‘tishiga yordam berish so‘rovi bilan rasmiy ravishda murojaat qilinmoqda. Bir vaqtning o‘zida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan ham ish olib borilmoqda.

Ayni paytda, Rossiya tomoni ko‘magida o‘zbekistonlik 12 nafar avtotashuvchi mamlakatga kiritilgan. Ularning 8 nafari Ukrainaning Sumi viloyatida, 3 ta avtomobil Xarkov viloyatida, 1 ta avtotransport Rossiya chegarasidan Ukrainaga o‘tuvchi «Nexoteyevka» neytral hududining nazorat o‘tkazish punktida bo‘lgan.

«5 nafar O‘zbekiston fuqarosi Ukraina hududida, chegara chizig‘idan uzoqroq masofada, 4 ta yuk mashinasida bo‘lib turibdi. Vaziyat barqarorlashib, xavfsiz o‘tish imkoniyati yuzaga kelgach, ularning chegaraga yetib kelishi kutilmoqda», — deyiladi xabarda.

Fuqaro zarurat tug‘ilganda elchixona va bosh konsulxonaning ishonch telefonlariga murojaat qilishi mumkin:

  • O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi: +7 499 230-00-76, +7 499 230-00-32;
  • Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxona: +7 988 586-59-82, +7 918 554-04-76, +7 988 586-70-35, +7 988 586-59-82.

Eslatib o‘tamiz, Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston fuqarolarini Ukrainadan evakuatsiya qilish bo‘yicha 24 soat davomida faoliyat yuritayotgan Tezkor shtab va 1164 qisqa raqamli koll-markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu masala bo‘yicha TIVning @Miduzbshtab havolasi orqali ham bog‘lanish mumkin.