Rossiya chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsda giyohvandlik vositalari, psixotrop va xavfli psixofaol moddalar, ularning metabolitlari mavjudligi, OIV bilan bog‘liq kasalliklar bor-yo‘qligi yuzasidan kimyo-toksikologik tadqiqotlar o‘tkazish tartibiga o‘zgartirish kiritdi. Bu haqda RF SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur masala bo‘yicha 21 fevraldagi tegishli buyruq Rossiya Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan. Unga ko‘ra, sertifikat va tibbiy xulosalarning amal qilish muddati 12 oygacha uzaytirildi. Avval uning muddati uch oy edi.

Bundan tashqari, endilikda chet el fuqarolarini ko‘rikdan o‘tkazishda ularning ilgari dispanserizatsiyadan o‘tganligi yoki tibbiy hujjatlar bilan tasdiqlangan profilaktik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar inobatga olinadi.

Shu bilan birga, maktab, kollej va OTMlarda tahsil olayotgan 6 — 18 yoshdagi chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ko‘rikdan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan tibbiy tadqiqotlar hajmi qisqartirildi. Shu tarzda, 13 yoshdan kichik bo‘lgan chet el fuqarolari uchun giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar mavjudligi yuzasidan kimyo-toksikologik tadqiqotlarni o‘tkazish talabi ushbu hujjatdan chiqarib tashlandi.

Bundan tashqari, tibbiy ko‘rik doirasida diagnostika qilishni talab etadigan yuqumli kasalliklar ro‘yxatidan yangi koronavirus infeksiyasi ham chiqarib tashlandi.

Keltirilishicha, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishning yangi tartibi, jumladan, qayd etilgan o‘zgarishlar bilan birgalikda kimyo-toksikologik tadqiqotlar o‘tkazish 2022 yilning 1 martidan kuchga kiradi.