Barcha talaba qizlarga ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz kredit berish tartibi joriy qilinadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan bayram tadbirida ma’lum qildi.

Bloger Aziza Qurbonovaning yozishicha, tadbirda nutq so‘zlagan davlat rahbari 2021 yilda ehtiyojmand oilalarga mansub 2 mingdan ziyod qizlar oliygohlarga grant asosida qabul qilingani, yana shuncha talaba qizlarga kontrakt pullari to‘lab berilgani haqida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayollar ta’limiga alohida e’tibor berilayotgani natijasida o‘tgan yili oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan talabalarning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.

«Agar bundan olti yil avval oliygohlarda 110 ming nafar qizlarimiz tahsil olishgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 400 ming nafarga yetdi yoki ularning ulushi 2016 yildagi 38 foizdan ayni paytga kelib qariyb 50 foizga yetdi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shunindek, prezident 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi qabul qilinganini aytdi.

Ushbu hujjat doirasida poytaxtda xotin-qizlar uchun alohida universitet va joylarda uning texnikumlari tashkil etiladi.

«Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli, xonadonlarimiz farishtasi bo‘lgan ayollarga bitta yaxshilik qilsak, hech shubhasiz, bu o‘nta yaxshilik bo‘lib, albatta, qaytadi. Duogo‘y momolarimiz, mushtipar onalarimiz va aziz opa-singillarimiz bu ehtirom va e’tiborning albatta qadriga yetadilar», — dedi davlat rahbari.