O‘zbekiston va Yaponiya «maxsus malakali ishchilar» maqomiga ega bo‘lgan xorijiy mehnat resurslarini ishga qabul qilish tizimini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qiladi. Bu haqda AOKA o‘tkazilgan brifingda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma’lum qildi.

Mazkur hamkorlik Shavkat Mirziyoyevning 2019 yilda Yaponiyaga tashrifi doirasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshirilmoqda.

«Unga ko‘ra, Yaponiyaga yuborilayotgan maxsus malakali mutaxassislar eng avvalo, o‘z sohasi bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganishi mumkin. Bu keyinchalik Yaponiyada orttirilgan tajribani O‘zbekiston rivoji uchun qo‘llash imkonini beradi», — deyiladi xabarda.

Memorandum shartlariga ko‘ra, yuborilayotgan mutaxassislar yapon tilini bilish darajasi bo‘yicha imtihon sinovlaridan va egallagan mutaxassisliklari bo‘yicha amaliyot imtihonidan o‘tib, 5 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatda kelishuv asosida o‘zlari tanlagan korxonada faoliyat olib borishlari mumkin.

Shuningdek, ular kelishilgan holda ish joylarni almashtirishlari, qolaversa, Yaponiya fuqarolari bilan bir xil mehnat sharoitlari va ijtimoiy himoyalangan holda faoliyat ko‘rsatishlari mumkin bo‘ladi. Mazkur kelishuv doirasida fuqarolar 14 ta turdagi sohada faoliyat yuritishi mumkin.

Yaponiyada ishlash imkonini beruvchi maxsus malakali ishchi rezidentligi nima va uni (viza) qanday olish mumkin?

Ta’kidlanishicha, Yaponiyaning muayyan sanoat sohalarida darhol ish boshlashga tayyor, xorijiy mamlakatlardan bo‘lgan mutaxassislarni qabul qilish uchun 2019 yilning aprel oyida Yaponiyada «Maxsus malakali ishchi (MMI)» deb nomlanuvchi yangi rezidentlik maqomi joriy qilingan.

2025 yilga qadar Yaponiya hukumati 325 ming nafar chet ellik maxsus malakali ishchilarni jalb qilishni reja qilgan. Mazkur dasturda O‘zbekiston fuqarolari ham ishtrok etishi mumkin.

«MMI rezidentlik maqomini olish uchun fuqarolar avvalo Yapon tili va o‘zlari tanlagan kasblaridan maxsus testdan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Mazkur testlar ilk bor joriy yilning 9−19 mart kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladi. Endilikda mazkur testlar yilda 6 marta muntazam ravishda yurtimizda amalga oshiriladi», — deyilgan ma’lumotda.

Testlarga qayerda va qanday tayyorlanish mumkin?

Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda Maxsus malaka testlariga tayyorlanish uchun Respublikaning barcha «Ishga marhamat» monomarkazlaridagi «Yapon tili va kasbiy malaka testga tayyorlov markazlari»da yaponiyalik mutaxassislar yordamida 4 oylik o‘qishlar tashkil etilgan.

Qayd etilishicha, tayyorlov kurslarining navbatdagi qabuli (material e’lon qilingan sanaga ko‘ra) hozirgi vaqtda davom etmoqda. Fuqarolar avvalo Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining «labormigration» dasturidan ro‘yxatdan o‘tishi va shundan keyin vazirlikning hududiy Bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilib, «Yapon tili va kasbiy malakaga o‘qish uchun» yo‘llanmani yapon tili markazi xodimlariga taqdim etishi kerak.

Maxsus malakali ishchi rezidenti sifatida Yaponiyada ishlaydiganlar quyidalarga ega bo‘ladi:

  • Fuqaro ishsiz bo‘lgan taqdirda o‘qish xarajatlari bandlik jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi;
  • Testdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarning test xarajatlari qaytariladi;
  • Ish beruvchi bilan shartnoma qilingan taqdirda yo‘lkira xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplab berilishi mumkin;
  • Yaponiyada mehnat faoliyati davomida oylik maoshlari yapon fuqarolariga belgilangan stavka asosida belgilanadi;
  • Tibbiy va ijtimoiy sug‘urta, nafaqa bilan ta’minlanadi;
  • MMI sertifikati 5 yildan 10 yilgacha Yaponiyada ishlash imkoniyatini beradi;
  • Ish almashtirish imkoniyati;
  • 5 yildan so‘ng oilani olib ketish uchun imkoniyat beriladi;
  • Mehnat migrantlarining farzandlari yapon maktablarida bepul o‘qish imkoniyatiga ega;
  • O‘zbekistonga qaytib kelgan fuqarolar Yaponiya tajribasi asosida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun vazirlikning reintegratsiya dasturidan foydalanishlari va o‘z bizneslarini ochishda ko‘mak olishlari mumkin;
  • Mehnat migrantlari mamlakatlariga qaytish oldidan oylik hisobidan yechib olingan nafaqa summasini qaytarish imkoniga ega;
  • Yaponiyada maxsus malakali ishchining eng kam oylik maoshi 1800−2000 dollarni tashkil etadi.

«Maxsus malaka testlariga tayyorlanishni istagan fuqarolar «Ishga marhamat monomarkazlari»ga yoki Bandlikka ko‘maklashish markazlari, shuningdek Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining hududiy filiallariga murojaat qilishlari mumkin», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun bugungi kungacha Yaponiya hukumati tomonidan faqat 9 ta davlatning malakali ishchilarini Yaponiyada faoliyat olib boruvchi yetakchi korxonalarga olish uchun ruxsat berilgan. Ikki davlat o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar natijasida O‘zbekistonga ham shunday imkoniyat yaratildi va 10-davlat sifatida dastur ro‘yxatiga qo‘shilgan.