3-martdan O‘zbekiston banklari o‘z kassalarida (ayriboshlash shoxobchalarida) rublni sotib olish va sotishni boshladi. Bu haqda birinchilardan bo‘lib iqtisodchi Otabek Bakirov xabar berdi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya rubli ayirboshlash kursi keskin tebranayotgan hamda birja va birjadan tashqari kurslar o‘rtasida sezilarli tafovutlar yuzaga kelayotgan paytda Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari o‘z mablag‘larini erkin valyutaga almashtirish jarayonida yo‘qotishlariga olib kelmoqda.

Shu munosabat bilan Markaziy bank barcha tijorat banklariga Rossiya rublidagi pul o‘tkazmalari bo‘yicha ayirboshlash operatsiyalarini uzluksiz amalga oshirish hamda valyuta kursini belgilashda “sotib olish va sotish kurslari o‘rtasidagi farqni maqbul darajada saqlab turish”ni tavsiya qildi.

Banklarning valyuta xavf-xatarlarini minimallashtirish maqsadida Rossiya rublini sotish va sotib olish kurslarini joriy xalqaro kotirovkalarga asosan kun davomida o‘zgartirib borish yuzasidan tavsiyalar berildi.

“Bu Rossiya Federatsiyasidagi O‘zbekiston fuqarolariga pul mablag‘larini Rossiya rublida yuborish va respublika hududida ushbu mablag‘larni ixtiyoriy valyutada qabul qilib olish imkonini beradi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Regulyator joriy vaziyatni kuzatib borishini, zarurat tug‘ilganda aholi manfaatlarini hamda milliy valyuta va bank tizimi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishini ma’lum qildi.

Iqtisodchilarning reaksiyasi

Moliyachi Otabek Bakirovning ogohlantirishicha, agar rubl olish va sotish bo‘yicha toraytirilgan ma’muriy koridor, masalan ±1% qo‘llaniladigan bo‘lsa, O‘zbekistonga vagonlarda rubl kiradi va O‘zbekistondan vagonlab dollar chiqib ketadi.

“Hech kim rubl olish va sotishga qarshimas, lekin bu majburiyat ham bo‘lmasligi kerak. Mazkur jarayon ochiq bozor qoidalari, rublning konvertatsiyasi kundan kunga cheklanayogani va uning ustiga ag‘anagan tog‘dek risklarni inobatga olgan holda yuz berishi lozim”, — deya ta’kidladi u.

valyuta bozorи, rubl

Material e’lon qilingan paytda Rossiyaning bir rubli 97−102 so‘m oralig‘ida bo‘lgan. Otabek Bakirovning hisob-kitobiga ko‘ra, agar Rossiyadan rubl keltirib uni so‘mga aylantirib, keyin dollar sotib olinsa, 1 dollar 112,78 rublga tushadi.

“Solishtirish uchun, Moskva ayirboshlash shoxobchalarida 1 dollar 130−160 rubldan sotilmoqda. Ma’muriy yo‘l bilan Moskva birjasida shakllanayotgan kurs umuman bozorni belgilamaydi. Rossiyaliklarning jamg‘argan rubllarini O‘zbekistonga keltirib, dollarga aylantirib olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilish boshlandi”, — deya ta’kidladi u.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov aytishicha, “rubl bilan so‘mni bir savatga qo‘yish — rubldagi barcha risklarni so‘mga yuklashga teng bo‘ladi”.

“Ming marta aytgan bo‘lsa-da aytaman: bozorga qo‘yib berish kerak. O‘zbekistonliklar xohlasa — rublni olishsin, xohlamasa — olishmasin”, — dedi u.