Angliyaning «Chelsi» klubi egasi bo‘lgan tadbirkor Roman Abramovich London jamoasini sotuvga qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda klubning matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan Abramovich bayonotida ma’lum bo‘ldi.

«Men so‘nggi bir necha kun ichida OAVda tarqalgan «Chelsi»ga egalik qilishim haqidagi mish-mishlarga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Avval aytib o‘tganimdek, men har doim klub manfaatini ko‘zlab qaror qabul qilganman. Hozirgi vaziyatda men klubni sotishga qaror qildim. Bu klub, muxlislar, xodimlar, shuningdek, homiylar va hamkorlarning manfaatlariga mos keladi deb o‘ylayman», — deyiladi bayonotda.

Roman Abramovich klubning sotilish jarayoni tezda kechmasligini va belgilangan tartibda o‘tishini ta’kidlagan. Shuningdek, u «Chelsi»ning 1,51 milliard funt sterlinglik qarzini kechib ham yuborishini aytgan.

Abramovich o‘z jamoasiga xayriya jamg‘armasini tashkil etishni buyurganini ma’lum qildi.

«U yerda savdodan tushgan barcha sof daromadlar xayriya qilinadi. Jamg‘arma Ukrainadagi urushning barcha qurbonlariga yordam berish uchun tashkil qilinadi. Bu jabrlanganlarning shoshilinch va tezkor ehtiyojlari uchun muhim mablag‘larni taqdim etishni, shuningdek, uzoq muddatli tiklanish ishlarini qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi», — deyiladi klub xabarida.

«Shuni bilingki, bu qarorni qabul qilish nihoyatda qiyin bo‘ldi va klubdan shu tarzda ajralish men uchun og‘riqli. Biroq, men bu klubning manfaatiga foyda keltrishiga ishonaman», — degan «Chelsi» egasi.

Sports.ru nashri xabar berishicha, rossiyalik tadbirkor «Chelsi»ni 2 mlrddan 4 mlrd funt sterlinggacha sotishi mumkin. Hozircha klubni sotib olish uchun eng katta da’vogar shveysariyalik milliarder Xansyorg Viss bo‘lib turibdi. Lekin u Abramovich klub uchun katta mablag‘ so‘rayotganligini ta’kidlagan. Viss Amerika konsorsiumi bilan birgalikda klubni xarid qilishi mumkinligi aytilmoqda.

Abramovich «Chelsi» futbol klubini 2003 yilda 140 million funtga sotib olgan va klubga 1,5 milliard funt sterlingdan ortiq sarmoya kiritgan.

Bu vaqt ichida «Chelsi» Angliyaning to‘rt karra chempioni, ikki marta Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi g‘olibi bo‘ldi. Shuningdek, besh marta Angliya kubogi, uch marta Liga kubogi va ikki marta Angliya Superkubogini qo‘lga kiritdi.

2021 yilning avgust oyida UEFA Superkubogini ham qo‘lga kiritgan «Chelsi» Abramovich homiyligida barcha mumkin bo‘lgan yirik futbol sovrinlarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi, deyish mumkin.