“Oliy ta’lim sohasidagi xizmatlari uchun” hamda “O‘rta maxsus va professional ta’lim sohasidagi xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlarini ta’sis etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Ko‘krak nishon oliy hamda o‘rta maxsus ta’lim sohasida yoshlarni voyaga yetkazishda fidokorona mehnat qilayotgan, faol, tashabbuskor, soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan fuqarolarga beriladi. Bunda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

Ko‘krak nishoni bilan birga g‘oliblarga BHMning 4 baravarigacha (1 mln 80 ming so‘m) pul mukofoti ham beriladi. Taqdirlash har yili 1 oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami arafasida o‘tkaziladi.


“O‘rta maxsus va professional ta’lim sohasidagi xizmatlari uchun” hamda “Oliy ta’lim sohasidagi xizmatlari uchun” ko‘krak nishonining diametri 34 millimetrli doira shaklida bo‘lib, mis qotishmasidan tayyorlanadi.


Buning uchun ta’lim muassasalari nomzodlarni ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha har yili 20 iyulga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taklif kiritadi. Taklifda nomzod haqida ma’lumotnoma, so‘nggi 3 yil davomida samarali faoliyati aks ettirilgan tavsifnoma bo‘lishi kerak.

Uni aynan yig‘ilgan takliflarni ko‘rib chiqish uchun tuzilgan komissiya ko‘rib chiqadi va har yili 15 sentabrgacha eng munosib nomzodlar bo‘yicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.

Komissiya tomonidan nomzodlarni ko‘krak nishoni bilan taqdirlashda quyidagilar inobatga olinadi:

  • oliy ta’lim muassasalarining pedagog xodimlari faoliyatini o‘rganish mezonlarida qayd etilgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha olingan yuqori baholar;
  • talabalar orasida ilm-fanga bo‘lgan qiziqishni oshirish, “ustoz-shogird” an’analarini targ‘ib qilishdagi faol ishtiroki;
  • olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari, ijodiy faoliyatlari va yaratayotgan o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarida yangiliklarning ko‘pligi tan olinganligi;
  • o‘z pedagogik faoliyatida turli innovatsion samarali usullarning ishlab chiqqanligi.

Shuningdek, o‘zi faoliyat olib borayotgan oliy ta’lim muassasasida amalga oshirgan ishlari tufayli hamkasblari tomonidan chuqur hurmatga sazovorligi hisobga olinadi.