2 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

Quyi palata matbuot xizmati xabar berishicha, hujjat ikkinchi va uchinchi o‘qishda ma’qullanib, Senatga yuborildi.

«Qonun loyihasining muhimligi shundaki, u bilan O‘zbekiston davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat idoralarida mehnat qilayotgan 120 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati, ularning maqomi hamda huquq va majburiyatlari, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatiga kirish hamda ushbu tizimda korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvini oldini olishga oid munosabatlar tartibga solish ko‘zda tutilmoqda», — deb yozadi deputat Doniyor G‘aniyev.

Endilikda vakolatli organ — Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (ARGOS) tomonidan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri yuritiladi hamda reyestrga kiritilgan lavozimlarga davlat xizmatchilari ochiq tanlov asosida tayinlanadi.

Reyestrga kiritilgan davlat fuqarolik lavozimlari guruh va toifalarga ajratilib, davlat xizmatchisiga uning lavozim guruhi va toifasidan kelib chiqib, malaka darajalari (CHIN — davlat xizmatchisining rasmiy mavqei darajasi) beriladi.

Vakolatli davlat organi tomonidan davlat xizmatchisi faoliyatini baholashning eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari ishlab chiqiladi hamda davlat xizmatchisining munosib rag‘batlantirilishi va xizmat pog‘onasida ko‘tarilishi ana shu baholash tizimi natijalari asosida ta’minlanadi.

Bundan tashqari, qonun bilan davlat xizmatchisiga o‘zining daromadi va mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya topshirish (deklaratsiya topshirish tartibi va muddati alohida qonun bilan belgilanadi), o‘z xizmat faoliyatiga tashqi ta’sirlar oldini olish hamda o‘z vakolatidan foydalangan holda jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatiga noqonuniy ta’sir o‘tkazmaslik majburiyatlari yuklanmoqda.

Hujjatda shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchisiga quyidagi taqiqlar qo‘yilmoqda:

  • o‘zaro yaqin qarindoshlik yoki quda-andachilikda bo‘lgan shaxslar bevosita bo‘ysunuv va nazorati ostidagi davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash;
  • pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanish;
  • tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish yoki tadbirkorlik faoliyati tashkil etib, uning muassisi bo‘lish;
  • o‘z mavqeidan foydalanib yoki o‘z xizmat vazifasini bajarish evaziga jismoniy va yuridik shaxslardan har qanday turdagi mukofot yoki sovg‘a olish;
  • chet el fuqaroligiga ega bo‘lish;
  • respublika hududidan tashqarida bank hisobvaraqlari ochish, ko‘chmas va boshqa mol-mulkka egalik qilish.

Deputat Doniyor G‘aniyevning fikricha, mazkur qonun qabul qilinib, ijroga qaratilishi mamlakatda davlat fuqarolik xizmatlari sifatini tubdan isloh qilishga, tizimda korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvini kamaytirishga, shuningdek axoli orasida davlat xizmatchisi lavozimining jozibasini oshirib, iste’dodli va munosib fuqarolarga davlat xizmatchisi lavozimlariga kirish uchun teng imkoniyatlar yaratiladi.